Sverdlovsk viloyatida migrantlar o‘rtasida zaxm (sifilis) kasalligi tarqalgani qayd etildi. Bu haqda tibbiyot fanlari nomzodi, UrO RAN Iqtisodiyot instituti katta ilmiy xodimi va viloyat teri kasalliklari va venerologiya dispanserining sobiq bosh shifokori Nikolay Struin xabar berdi, deb yozmoqda “ЕАН” nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning birinchi uch oyida mazkur hududda migrantlar o‘rtasida zaxm bilan kasallanishning 42 ta holati aniqlangan. Olti oyda bu raqam 78 taga, sakkiz oy ichida esa 151 taga yetgan.
«Bu ko‘rsatkich 2023-yilda xorijliklar o‘rtasida qayd etilgan kasallik holatlari sonidan 11,1 foizga ko‘p, shuningdek, faqat iyul-avgust oylarida kasallik holatlari yarim yillik ko‘rsatkichlarga nisbatan ikki barobarga oshib ketgan», — deb ta’kidlagan Struin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p hollarda zaxm xorijliklarda kasallikning oxirgi bosqichida aniqlanmoqda. Ekspertning fikriga ko‘ra, real hayotda kasallik ko‘rsatkichlar yanada yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab xorijliklar xususiy klinikalarda tekshiruvdan o‘tadi va xususiy klinikadagi xulosalar umumiy statistikaga kiritilmasligi mumkin.
Statistika qanday yuritilayotgani va ushbu xabarda «migrant» tushunchasi bilan kimlar nazarda tutilayotgani aniqlanmagan.
Bunday statistika yuzasidan fikringiz qanday?