Primorsk o‘lkasida patentga ega bo‘lgan muhojirlarning yo‘lovchi tashish sohasida ishlashiga to‘rt yillik taqiq olib tashlandi. Gubernator mazkur faoliyat turini xorijiy fuqarolar uchun taqiqlangan faoliyat turlaridan chiqarib tashladi. Cheklovlar yumshatilganiga qaramay, viloyatda haydovchilar yetishmasligi o‘tkir muammo bo‘lib qolmoqda.
Vladivostokda jamoat transporti jiddiy inqirozni boshidan kechirmoqda. Ba’zi korxonalar o‘z yo‘nalishlarining yarmi yoki hatto uchdan bir qismini amalga oshira oladi. Avtobuslarining 90% ga yaqini ishga chiыadigan «Samokat» kompaniyasi eng muvaffaqiyatli kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Kadrlar tanqisligini to‘ldirish uchun kompaniyalar sobiq SSSR davlatlaridan migrantlarni jalb qila boshladi. 2015-yilda mehnatga oid patentlar joriy etildi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarolari bevosita ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzib, patentsiz ishlash huquqini oldilar. Haydovchilarning aksariyati Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.
Biroq 2019-yilda Primorye hokimiyati rossiyaliklar uchun ustuvorlikni ta’minlash va chet ellik haydovchilar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar sonini kamaytirish zarurligini iddao qilib, yo‘lovchi tashish sohasida patentga ega migrantlarni ishga olishni taqiqladi. Bu migrant haydovchilar sonining kamayishiga olib keldi, ularning aksariyati qurilish yoki yuk tashish transportiga o‘tib ketdi.
2024-yil 1-yanvardan jamoat transportida ishlash uchun patentdan foydalanishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Endi migrantlar yana ushbu sohada qonuniy ishlashlari mumkin. Biroq kompaniyalar mutaxassislarning ommaviy qaytishini kutmayapti. Ilgari avtobus haydagan muhojirlarning aksariyati millatchilik va ish topishdagi qiyinchiliklar tufayli qaytishi dargumon.
Yo‘lovchi transportida ishlash uchun migrantlar Rossiya haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak. Biroq, zamonaviy muhojirlarning aksariyati rus tilini yaxshi bilmaydi, bu esa ularning ishga joylashishini deyarli imkonsiz qiladi.
Primoryeda 1,8 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi va ular orasida yangi haydovchilarni topish nihoyatda qiyin. Ish beruvchilarning ta’kidlashicha, bu holat butun Rossiya bo‘ylab kuzatilmoqda. Boshqa viloyatlardan mutaxassislarni jalb qilish ham muammoni hal qilmaydi, chunki hamma joyda kadrlar yetishmaydi.
Primoryeda yo‘lovchi tashishda mehnat qilayotgan muhojirlarga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishi vaziyatni biroz yaxshilasa-da, kadrlar yetishmovchiligi muammosini to‘liq hal qila olmaydi. Kompaniyalar faqat Rossiya fuqaroligi bor va tajribaga ega bo‘lgan xodimlarning barqaror ishlashiga umid qilib, mutaxassislar yetishmasligi sharoitida ishlashda davom etmoqda.