592 25/05/2025

2015-yil iyul oyi o‘rtalarida chegaraga chiqib kelish uchun Moskvadan Qozog‘istonga borib keldik.

Moskva-Qozog‘iston yo‘lida o‘zining «Neksiya» mashinasida doim qatnab kirakashlik qiladigan Rustam ismli do‘stim bor edi.

Ikki jiyanim, kuyovim va men to‘rtovimiz Rustamning mashinasida “qaydasan, Astraxan” deya yo‘lga chiqdik.

O‘sha vaqtlarda Qozog‘istonga borib keluvchilar, ularni olib borib olib keladigan mashinalar ko‘p bo‘lardi.

Ko‘pchilik haydovchilar, “borishga bir kun, qaytishga bir kun ketadi, yo‘lda to‘xtamaymiz”, derdi.

Bizlar borib kelguncha to‘rt kun yurdik.

«Aka, vaqt bemalol bo‘lsa shoshib nima qilamiz. Uxlamasdan mashina haydab yo‘lda falokatga uchraganlarni ko‘p ko‘rganman, shuning uchun shoshilmaymiz, muhimi uzoq yo‘lga sog‘u-salomat borib qaytish», dedi Rustam.

Volgograd shahrini aylandik, o‘sha mashhur haykallarni tomosha qildik, Volga daryosida cho‘milib ham oldik.

Yo‘lga chiqqan kunimizga ikkinchi kunida Astraxandan Qozog‘iston chegarasiga yetay deganda o‘zimizning o‘zbeklar ochgan choyxonalar ko‘p ekan, shulardan biriga kirdik.

Ichkari kichkina O‘zbekiston, hamma shart sharoit yaratilgan, o‘zbekcha qo‘shiq jaranglab turibdi. Rossiyaga keluvchi ham, Rossiyadan ketuvchi ham shu joyga bir kirib o‘tar ekan. O‘zbekona chorpoyalargacha taxlab qo‘yilgan. Uxlab dam olishni istovchilarga xonalar ham bor.

Aytmoqchi bo‘lganim voqeadan sal chalg‘ib ketdim, shekilli.

Chegaraga chiqib ortga qaytib kelyapmiz, yo‘l bo‘yida taxlam-taxlam qilib qo‘yilgan qovun-tarvuzlarni ko‘rib Rustam:

– Aka, Astraxanning qovun-tarvuzlari rosayam shirin bo‘ladi, bitta-bitta olib ketmaymizmi Moskvaga, deb qoldi.

– Mayli, chanqab turgandim bir donasini shu joyda yeb ham olamiz, nima deysan jiyan? — deya orqa o‘rindiqda o‘tirgan jiyanim Olimjonga qaradim.

Mashinani yo‘l chetiga qo‘yib, qovun-tarvuz taxlangan joyga keldik.

Sotuvchilar ozarlar ekan.

Rustam savdo qilishga tushib ketdi.

Sotuvchi, yoshi oltmishlar atrofidagi ozar amaki tushirmayman narxini deyapti.

– Bo‘ldi, arzimas pul uchun tortishma, dedim Rustamga.

Olimjon bitta katta tarvuzni tanlab olib, sotuvchidan pichoq so‘radi.

Beshovlon aylana o‘tirib olib tarvuz yeb turibmiz.

Qitmir Rustam:

– Bergan tarvuzing ham yaxshi chiqmadi, shirin emas ekan, kamiga narxiga talashasan, deya sotuvchi amakiga piching qildi.

Ozar amaki ham jahli tez odam ekan, birdan qizishib baqirib ketdi.

– Ana shu tarvuzlarni senlarning o‘zbeklaring yetishtiradi shu yerdagi dalalarda, yaxshi chiqmagan bo‘lsa ayb mendamas! Bizlar ham ulardan so‘raymiz narxini tushib ber deb, hattoki mashinaga yuklab beradigan narxidan ham bir tiyinga tushib bermaydi, men nega sizlarga arzonga berishim kerak ekan?! Olsang shu, yoqsa ol bo‘lmasa o‘zing bilasan, gapni ko‘paytirma! Shu narxdan bir tiyin arzonga bermayman! – savdo qilib asablari charchagan shekilli, amaki rosa asabiylashib ketgandi.

“Jim o‘tir, yoshi katta odam bilan tortishma”, dedim Rustamni koyib.

Oraga sovuqlik tushib, hammamiz jim bo‘lib qoldik.

Amaki karovatida o‘tiribdi.

– Sizlar Ozarbayjondanmisizlar?– dedim oradagi sovuqlikni tarqatish uchun.

– Ha, deya qisqa javob berdi hali ham qovog‘i soliq amaki.

– Maktab o‘qib yurgan davrimizda adabiyotdan o‘qiganman, ozar shoirlarining she’rlarini, judayam yaxshi ko‘rib o‘qirdim, – deya gap mavzusini o‘zim yaxshi ko‘rgan adabiyot tomonga burdim.

Sotuvchi amaki tezlik bilan o‘tirgan joyidan turib yonimga keldi.

– Qaysi shoirlarimizni taniysan?– deya savol berdi. Boyagi jahldor yuzdan asar ham qolmagan, ko‘zlari kulib turibdi.

Adabiyotning kuchini qarang.

– Maqsud Shayxzoda asli ozar millati, O‘zbekistonda yashagan. Fuzuliyni ko‘p o‘qiganman. Nasimiy haqida ham o‘qiganman.

Sotuvchi amaki o‘tirg‘ichini olib kelib yonimga o‘tirib oldi.

– Fuzuliy, Nasimiy eng yaxshi ko‘rgan bobolarim mening, – uning xursand bo‘lishini ko‘rsangiz edi.

Fuzuliyning bir g‘azalidan to‘rt qator o‘qib berdim.

Bu davrada ikkovimizdan boshqa odam yo‘q edi, go‘yo.

Suhbatimiz qizib ketdi. Nasimiyning qanday o‘ldirilgani to‘g‘risida o‘qigan ma’lumotlarni ham aytib berdim.

Sotuvchi amaki she’r o‘qishni boplar ekan, ifodali o‘qishiga qoyil qoldim.

Ovozi shirali ekan, ozroq qo‘shiq ham aytib berdi.

O‘ziyam rosa yayradi.

– Menga senga o‘xshagan suhbatdosh kerak, mana bu adabiyotning “a” harfiga ham tushunmaydi, – deydi sherigini ko‘rsatib. – Odam zerikadi, keyin asab buziladi.

– Siz bilan suhbat qilib mazza qildim men ham, dedim.

O‘rtada chala yeyilgan tarvuzni olib bir chetga qo‘yib, o‘zi tanlab eng zo‘ridan bir dona kesib berdi.

Ketishimizda katta-katta tarvuzdan besh donasini mashinamizga soldirdi sherigiga.

Pulini bergandik olmadi.

– Bizlar sizlar bilan qardoshlarmiz, bu tarvuzlar qardoshlar uchun hadya, – dedi.

Yaqin do‘stlardek bir-birimizni bag‘rimizga bosib xayrlashdik.

– Qoyil qoldim-yey, bir tiyinga ham tushmayman deb turgan odamni, to‘rt qator she’r o‘qib berib eritib yubordingiz, – deydi Rustam.

– Bu o‘sha sotuvchi amakining buyuklariga bo‘lgan hurmatidan, qani hozir mening yonimga ham o‘zga millat vakili kelib, Navoiy yoki Bobur bobomizdan to‘rt qator g‘azal o‘qib bersa, peshonasidan o‘paman,– dedim.

Ozroq yo‘l yurganimizdan keyin.

– Pushkindan ham she’r aytib bera olasizmi? – deydi Rustam.

– Pushkinning she’rini nima qilasan? – desam.

–  Shu yaqin o‘rtada ruslarning restorani bor-da, o‘sha joyga kiramiz qorin och qoldi, – deydi.

Baxtiyor Tursun

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya