Tataristonning Aznakayevo tumanida mahalliy aholi va migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv va otishma sodir bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqida Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro kafeda xizmat ko‘rsatish sifati mahalliy aholini qoniqtirmagani sababli kelib chiqqan va muhojirlar ishlaydigan kafening xodimlariga qarata qurol ishlatilgan.
Mahalliy telegram-kanallarining yozishicha, bir necha kishi mazkur kafeda ovqatlanib, zaharlanganini iddao qilgan. Shundan keyin kafega borib, muhojirlarni jazolamoqchi bo’lgan. Voqea joyida olingan videoda mahalliy aholi va migrantlar o‘rtasidagi mojaro davomida kamida uchta o‘q otilgan. Voqeada jarohatlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Tatariston Respublikasi bo‘yicha Tergov boshqarmasi rahbari Vyacheslav Lipskiyga voqeani tekshirish va tergov natijalarini taqdim etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Tergov organlari hodisani sinchiklab o‘rganishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga va’da berishmoqda.