Maqola

624 16/06/2026

Rossiyadagi barcha yangi smartfonlarga qonunga muvofiq oʻrnatiladigan RuStore ilovalar doʻkonida odamlarni kuzatish dasturi aniqlandi. Bu haqda zarazaex nikli dasturchi ilova kodini oʻrganib chiqqandan keyin ma’lum qildi.

Uning ma’lumotlariga koʻra, RuStore doʻkoni telefon egasi haqida koʻplab shaxsiy ma’lumotlarni yashirincha toʻplaydi. Dastur insonning qayerdaligini doimiy ravishda yozib boradi. Buning uchun u bir vaqtning oʻzida 3 usuldan foydalanadi: GPS sun’iy yoʻldoshlari, mobil tarmoq va yaqindagi aloqa minoralaridan olinadigan ma’lumotlar. Olingan ma’lumotlar aniq bir foydalanuvchiga bogʻlangan holda saqlanadi.

Shuningdek, RuStore siz telefonga oʻrnatgan boshqa barcha dasturlarni ham koʻradi. U ularni qachon ishga tushirishingiz va ulardan qancha vaqt foydalanishingizni yozib boradi. Bundan tashqari, doʻkon galereyangizdagi fotosuratlaringizga kirish huquqiga ega va sizning ruxsatingizsiz hamda ogohlantirishlarsiz har qanday boshqa ilovalarni yashirincha oʻrnatishi mumkin. Tadqiqotda aytilishicha, RuStore davlatning Max messenjerini yashirincha yuklab olish uchun ushbu funktsiyadan allaqachon foydalanmoqda.

Ilgari Max messenjeri kodini tekshirgan dasturchi zarazaex jiddiy xavfdan ogohlantiradi. Uning soʻzlariga koʻra, RuStore muntazam ravishda VK kompaniyasi serverlariga qurilmangiz haqidagi toʻliq ma’lumotlarni yuboradi. Bu roʻyxatga siz qaysi VPN servislar, banklar, himoyalangan messenjerlar yoki uchinchi tomon doʻkonlaridan foydalanayotganingiz haqidagi ma’lumotlar kiradi. Butun ushbu roʻyxat smartfon IDsiga umrbod bogʻlanadi. Bu faqat Android bazasidagi telefonlarga tegishli, chunki Apple kompaniyasining iOS tizimida ushbu doʻkon mavjud emas. Agar siz ushbu doʻkonni oʻchirib tashlashga qaror qilsangiz ham, ilgari toʻplangan ma’lumotlaringiz baribir kompaniya serverlarida qoladi.

RuStore doʻkonining vakillari ushbu ayblovlarni inkor etmoqda. RusNews bilan suhbatda kompaniya vakilasi ular shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga topshirmasliklarini hamda foydalanuvchining roziligisiz dasturlarni oʻrnatmasligini aytgan. Ilovani oʻrnatishda inson unga telefonga kirish huquqini berish yoki bermaslikni oʻzi hal qiladi. Bu barcha ruxsatlar faqat dasturlarni yangilash, oʻyinlarga oldindan buyurtma berish, viruslarga tekshirish va boshqa oddiy funktsiyalar uchun kerak.

Rossiya rasmiylari RuStore ilovasini 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab majburiy dasturlar roʻyxatiga kiritdi. Telefon ishlab chiqaruvchilarga ushbu ilovaning oʻrnatilishiga toʻsqinlik qilish taqiqlandi. Doʻkonni yaratish bilan VK kompaniyasi shugʻullangan. Bu kompaniyaga Vladimir Kiriyenko rahbarlik qiladi. U Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi oʻrinbosarining oʻgʻlidir. VK kompaniyasi davlatning Max messenjerini ham yaratgan. Ushbu dastur ham oʻrnatilgan ilovalarni kuzatadi va yashirincha tovush yozib oladi. U foydalanuvchining turgan joyini aniqlashi, yozishmalar bilan birga ekran suratlarini olishi, soxta chatlar yaratishi va xabarlarni bevosita telefondan izsiz oʻchirib tashlashi mumkin.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya