
Hukumat Telegramni blokirovka qilish muddatini belgilab oldi. Tegishli idoralar ichidagi muhokamalardan xabardor bo’lgan RBC manbasining so’zlariga ko’ra, messenjer aprel oyining boshida bloklanishi mumkin.
Kremlga yaqin ikkita manbaning aytishicha, qaror allaqachon qabul qilingan. Buning sabablari orasida oxirgi paytlarda Telegram orqali noqonuniy faoliyat uchun odamlarni, jumladan, voyaga yetmaganlarni yollash holatlarining ko’paygani ham aytilmoqda.
Avvalroq Raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayev Telegramning “maxsus harbiy operatsiya” hududida ishlashini cheklash rejasi yo’qligini aytgan edi. 18-fevral kuni Davlat Dumasi qo’mitasi yig’ilishida u messenjerning urush hududlarida ishlashini cheklamaslik to’g’risida qaror qabul qilinganini e’lon qildi. Biroq keyinchalik Kremlga yaqin manba aprel oyiga kelib Telegram faqat frontda ishlashini qayta boshlashi mumkinligini aytgan edi. Baza telegram kanali blokirovka 1-apreldan boshlanishini taxmin qildi. Bu hafta “Rossiyskaya Gazeta” va “Komsomolskaya Pravda” Telegram asoschisi Pavel Durovga terrorchilik faoliyatiga yordam bergani uchun jinoiy ish ochilgani haqida xabar berdi. Nashrlarning FSB hujjatlariga tayanib yozishicha, messenjer ekstremizmga chaqiriqlarni o’z ichiga olgan kanallarni o’chirmagan. Durovning ta’kidlashicha, jinoiy ish «shaxsiy hayot va so’z erkinligi huquqini bostirishga» urinish bilan bog’liq.
«Komsomolskaya pravda» nashrining xabar berishicha, Telegram Roskomnadzor talablariga rioya qilmagan va bolalar pornografiyasi bilan bog’liq 1369 ta, giyohvand moddalar bilan bog’liq 3771 ta, o’z joniga qasd qilish bilan bog’liq 2666 ta va voyaga yetmaganlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish bilan bog’liq 2124 ta kanalni o’chirmagan. Nashr shuningdek, ekstremizmga chaqiriqlar va «dushmanni moliyalashtirish» haqidagi materiallarni o’z ichiga olgan 10 500 dan ortiq kanal o’chirilmaganini, 1125 ta kanalda esa ekstremistik va terroristik tashkilotlarning materiallari joylashtirilganini da’vo qilgan. Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasining 1.1-qismi, ya’ni terroristik faoliyatga yordam berish sakkiz yildan umrbod qamoq jazosi berilishini nazarda tutadi.
2025-yil avgust oyida Roskomnadzor Telegram va WhatsAppga qo’ng’iroqlarni chekladi. Bu ushbu xizmatlar ko’pincha firibgarlik, tovlamachilik va odamlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish uchun ishlatilishi bilan izohlandi. Oktyabr oyida regulyator xorijiy messenjerlarga qisman cheklovlar jinoyatchilarga qarshi kurashish uchun joriy etilayotgani haqida ogohlantirgan edi.