
U Rossiyaga jang qilish uchun bormagan edi.
2024-yil avgust oyida 18 yoshli termizlik A.H. Rossiyaga yo‘l olganida uning maqsadi oddiy edi — ishlash va pul topish. Rossiyaga borib, Moskva viloyatining Noginsk tumanidagi omborxonada yuk qabul qiluvchi bo‘lib ishlay boshladi.
Bir necha oydan keyin esa uning hayoti butunlay boshqa yo‘lga burildi.
2025-yil 24-mart kuni u Rossiya Qurolli Kuchlari safiga shartnoma asosida yollandi. Sud hujjatida bu qarorning asosiy sababi ochiq ko‘rsatilgan: moddiy manfaatdorlik, ya’ni ko‘proq pul topish istagi.
U oddiy askar bo‘lib xizmat qilish uchun oyiga 230 ming rubl maosh evaziga shartnoma tuzgan. Unga harbiy guvohnoma, shaxsiy jeton va Rossiya Mudofaa vazirligining harbiy kiyimi berilgan.
Shu yerdan boshlab uning tinch mehnat faoliyati jang maydonlaridagi otishmalarga almashdi.
Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u bilan birga yana 25–30 kishi avtobusda Voronej viloyatiga olib borilgan. U yerda bir hafta harbiy tayyorgarlikdan o‘tgach, Lugansk viloyatidagi o‘quv poligoniga yuborilgan.
U yerda ikki hafta davomida AK-74 avtomati va dronlardan foydalanish bo‘yicha tayyorgarlik olgan. Shundan so‘ng uni urush bo‘layotgan hududga yuborishgan.
Birinchi jarohat
Jangga kirgan ilk kunlardan birida uning yaqinida portlagan drondan oyog‘i va boshidan jarohat oldi. Harbiy gospitalga olib ketilib 8-mayga qadar davolangan. Lekin davolanib bo‘lgach, yana frontga qaytarilgan.
Bu safar unga snaryad yetkazib berish vazifasi berildi. Biroq 2025-yil 19-avgust kuni Lugansk viloyatida dron portlashi uning ikki oyog‘iga, beliga, ko‘krak qafasining orqa qismiga va qo‘liga jarohat yetkazdi.
U ratsiya orqali yordam chaqirdi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. Keyin yaqindagi harbiy gospitalga olib borilib, operatsiya qilindi.
Ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun vertolyotda Moskva viloyatidagi harbiy gospitalga yetkazildi. U yerda 35 kun davomida davolandi.
Sud-tibbiy ekspertizasi keyinchalik uning tan jarohatlarini o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar deb baholagan.
2025-yil 3-oktyabrda unga ikki oylik ta’til berilganda muhojir yigitning urushga munosabati o‘zgargan edi. Sud hujjatida qayd etilishicha, davolanish jarayonida u Rossiya tomonidan Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirokini davom ettirish niyatidan qaytgan. 2025-yil oktyabr oyida u Turkiyaga ketdi. Istanbuldan Anqaraga borib, universitetlardan birida o‘qishni boshladi. Keyin 2026-yil 3-mart kuni «Istanbul — Samarqand» reysi bilan O‘zbekistonga qaytdi.
Tergov vaqtida uning Redmi Note 7 telefonidagi Google Photos akkaunti tekshirilgan. U yerdan 2025-yil 24-martda tuzilgan harbiy shartnoma, vaqtinchalik harbiy guvohnoma, shaxsiy jeton ma’lumotlari, harbiy gospital hujjatlari va qurol bilan tushgan fotosuratlar topilgan.
Shuningdek, Rossiya harbiy gospitalida berilgan tibbiy ma’lumotnomalar va davolanishga oid hujjatlar ham saqlangan.
Sud-portret ekspertizasi taqdim etilgan suratlardagi shaxs bilan sudlanuvchining shaxsi bir ekanini tasdiqlagan.
Ya’ni ishda Rossiya armiyasida xizmat qilganini tasdiqlovchi nafaqat ko‘rsatmalar, balki hujjatlar, tibbiy ma’lumotlar va fotosuratlar ham mavjud bo‘lgan.
Sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Sud uning muqaddam sudlanmaganini, oilaviy ahvolini va janglarda olgan jarohatlarini ham hisobga olgan.
Natijada unga qamoq jazosi emas, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.