18-dekabr kuni ertalab OAV Moskvadagi terrorchilikda gumon qilingan ikki shaxsning qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Keyinchalik Rossiya «ФСБ»si jinoyat ijrochisining so‘roqqa tutish videosini e’lon qildi – gumonlanuvchi 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi. Shu bilan birga, ayrim OAV, masalan, “Кубанские Новости” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi aslida Rossiya fuqaroligini olgan sobiq o‘zbekistonlikdir, u bir necha kun oldin Moskvaga atay jinoyatni sodir etish uchun kelgan. Hodisa bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar va qiziqarli tafsilotlarni keltirib o‘tamiz.
Nima bo‘ldi?
17-dekabr kuni Moskva shahrida Radiatsiya, kimyo va biologik himoya qo‘shinlari rahbari Igor Kirillov yashaydigan ko‘p qavatli uyning kirish joyi oldida portlash sodir bo‘ldi. Natijada general va uning haydovchisi vafot etdi. Jinoyatning ertasi kuni rasmiy idoralar jinoyatda 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi gumon qilinayotganini ma’lum qildi. Ushbu ma’lumot bilan birga gumon qilinuvchi Ukrainaning maxsus xizmatlari tomonidan yollangani, ularning topshirig‘i bilan Moskvaga kelgani va xarid qilingan elektrosamokatga portlovchi qurilmani o‘rnatganini tan olgan videosi e’lon qilindi. Terrorchilik hujumi uchun javobgarlikni Ukraina Xavfsizlik Xizmati (СБУ) o‘z zimmasiga olgani aytilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa general Kirillovning o‘limida gumon qilinayotgan shaxsning qo‘lga olingani haqida izoh berayotib, gumonlanuvchining ma’lumotlari aniqlashtirilishini xabar berdi, deb yozgan РИА Ноовости.
Gumondorlarning iziga qanday tushilgan?
18-dekabr kuni ertalab «Коммерсант» va «Известия» gazetalari general Kirillovning o‘ldirilishida gumon qilingan ikki shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
«Коммерсант»ning yozishicha, huquqni muhofaza qilish organlari gumondorlarning iziga voqea joyida bo‘lgan ikkita shubhali avtomobilni kuzatib, tushgan. Mashinalar videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Jinoyat tashkilotchilari ijrochilarga messenjerlar orqali Ukraina Xavfsizlik Xizmati (СБУ) xodimining kontaktini berishgan. Nashrga ko‘ra, jinoyat deyarli fosh etilgan.
Ko‘p o‘tmay, kuchishlatar tizimlarining rasmiy bayonotlari paydo bo‘ldi. Ayni paytda ularda faqat bitta gumondor – O‘zbekiston fuqarosi haqida gap ketmoqda. Ikkinchi ijrochi haqidagi ma’lumot hali rasmiy tasdiqlanmagan.
Biroq, ikkinchi ijrochining shaxsi tergov manfaatlari uchun yashirilayotgani ehtimoldan xoli emas. «МИГ России» telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorlar 17-dekabr kuni qo‘lga olingan, ammo “ijrochilardan buyurtmachilargacha” bo‘lgan zanjirni fosh etish uchun bu ma’lumot oshkor qilinmagan.
Gumondor bilan nima bo‘ladi?
O‘zbekiston fuqarosi uzoqqa qochib ulgurmagan. U Moskva viloyatining Balashixa shahri Chornoye qishlog‘ida qo‘lga olingan. Jinoyat joyidan bu aholi punkti avtomobilda 30 km uzoqlikda joylashgan.
Telegram-kanallar va matbuot tez orada gumondorning taxminiy ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini topgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, erkakning ismi Ahmad Qurbonov. “Shot” telegram-kanali yozishicha, gumonlanuvchi Moskvaga avval ham kelgan, 2015-yilda u poytaxtdagi choyxonada ishlagan. Keyinchalik O‘zbekistonga qaytib ketgan. Boshqa nashrlar esa, xususan, «Кубанские Новости» ma’lumotlariga ko‘ra, gumondor aslida Rossiya fuqarosi bo‘lib, yaqinda atay portlashni amalga oshirish uchun Moskvaga kelgan.
Jinoyat ishi to‘rtta modda bo‘yicha ochilgani aytilmoqda — terrorchilik hujumi, qotillik, portlovchi moddalar yoki qurilmalarni noqonuniy saqlash va ularni noqonuniy tayyorlash.
“U sodir etgan jinoyatlar uchun unga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin”, – deya qo‘shimcha qiladi «ФСБ». Voqeaga aloqador Ukraina maxsus xizmatlari xodimlari munosib jazo olishadi, deya idora o‘zining rasmiy bayonotida va’da bergan.
Buyurtmachi kim?
«Ushbu karshering mashinasidagi kameradan tasvir Dnepr shahridagi terrorchilik hujumi tashkilotchilariga onlayn-translyatsiya qilib borilgan. Harbiylar uyidan chiqib ketgani haqidagi signal yetib kelgach, portlovchi qurilma ular tomonidan masofadan portlatilgan», – deya ma’lum qildi Rossiya Tergov Qo‘mitasi (СК РФ).
Dneprdan kim kuzatgani va kim portlashga buyruq bergani haqida aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi bombani kimdan qabul qilgani va uni kim tayyorlagani ham ma’lum emas.
“ФСБ” bayonotida ham shunga o‘xshash ma’lumotlar keltirilgan. Idoraning ta’kidlashicha, kuzatuv uchun Wi-Fi-videokamera qo‘llanilgan, qo‘lda yig‘ilgan portlovchi qurilma esa «kuchli quvvatga» ega bo‘lgan.
«O‘zbekka qayerdan samokatni olishni aytishgan. U olib kelgan — qo‘ygan — mashinada o‘tirib kutgan — portlash — yashirinishga urinish — qo‘lga olish. Mana shunday ssenariy. U portlovchi moddani o‘zi o‘rnatgani borasida yolg‘on gapirayotgan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaymiz. Yoki o‘zbek ham muhandis yoki ham mina qo‘yuvchi ekanmi?» — deya mulohaza yuritadi “Архангел спецназа Z” telegram-kanali.
Generalning o‘ldirilishida Ukraina maxsus xizmatlari turganini 17-dekabr kuni bir necha g‘arb OAVlari xabar qilgan. Kiyev uni harbiy jinoyatchi va «mutlaqo qonuniy nishon» deb hisoblaganini Reuters agentli yozgan.
Kirillov Ukraina mojarosi boshlanganidan beri jangovar harakatlar doirasidan tashqarida o‘ldirilgan eng yuqori martabali Rossiya harbiysi bo‘ldi, deb yozadi AQShning “The Washington Post” gazetasi. U «mutlaqo qonuniy nishon bo‘lgan, chunki u Ukrainaga qarshi taqiqlangan kimyoviy qurolni qo‘llashga buyruq bergan», deb anonim ukrainalik rasmiyning so‘zlarini keltiradi nashr.
Rossiyaning son va qudrat jihatdan ustun Qurolli Kuchlariga qarshi turgan Ukraina uchun qotillik kabi noan’anaviy taktikalardan foydalanish javob qaytarishning muhim usuli sifatida ko‘riladi, deya ta’rif beradi Sky News telekanali.
Britaniya nashri agar Kiyevning aloqadorligi isbotlansa, bu «Kremlni tashvishga soladi va xavfsizlik tizimidagi sharmandali zaiflikni ko‘rsatadi», deb yozadi.
Kirillovning o‘ldirilishi Ukraina maxsus xizmatlari hali ham «o‘ta xavfli» ekanini ko‘rsatmoqda, deb mulohaza yuritadi “The Economist”. «Ukraina agentlari Moskvaning o‘zida Rossiya Qurolli Kuchlarining yuqori qo‘mondonligini nishonga olishlari mumkinligi haqida signal yubordi», deyiladi maqolada. Nashrning fikriga ko‘ra, Rossiya Ukrainada shunga o‘xshash kampaniyani amalga oshira olmaydi va, ehtimol, raketa zarbalari bilan javob beradi.
«Generalning o‘ldirilishi Moskvadagi “normal” muhitni teshib o‘tadi», — deb ta’riflaydi voqeani “BBC”. «Bu qisqa jarayon bo‘ldi. Ukraina bosh prokurori Kirillovni kimyoviy qurolni qo‘llashda ayblaganidan atigi 20 soat o‘tib, Moskva shahrida qatl hukmi ijro etildi», deya istehzo qiladi rusofob pozitsiyasi bilan tanilgan nemis jurnalisti Yulian Repke.
G‘arb rasmiylari generalning o‘ldirilishiga deyarli hech qanday izoh bermagan. BMT esa odatdagidek barchani tinchlikka va sabr-toqatga chaqirdi.
Migrantlarga nima bo‘ladi?
Mazkur hodisa terrorchilik akti sifatida baholanayotganligi va “Crocus city hall”dagi fojia bilan taqqoslanayotganligi sababli, migrantlarga nisbatan chegaradan o‘tish jarayonida yanada qattiqroq tekshiruvlar joriy etilishi va jamiyatda esa ksenofobiya kuchayishi kutilmoqda.