528 09/09/2026

Nyu-York shtatining Bruklin mintaqasida istiqomat qiluvchi, kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan 39 yoshli Hasan Begbayev Texas shtatidagi oʻlim bilan tugagan avtohalokatdan soʻng ehtiyotsizlik oqibatida odam oʻldirish boʻyicha jinoyat ishida ayblanmoqda. Hodisa 4-sentyabr kuni soat 03:16 da I-30 avtomagistralida sodir boʻlgan. Begbayev boshqaruvidagi yuk mashinasi tirkamasining Garlend shahri fuqarosi, 33 yoshli Liza Maldonado boshqaruvidagi avtomobil bilan toʻqnashuvi oqibatida ayol ogʻir tan jarohatlarini olib keyinchalik kasalxonada vafot etdi. AQShda yashash huquqiga ega boʻlishiga qaramay, aybi isbotlangan taqdirda, Begbayev deportatsiya qilinishi xavfi ostida qolmoqda.

Haydovchining dastlabki versiyasiga koʻra, u Ostin shahriga kerakli burilishni tasodifan oʻtkazib yuborgan va qatorni oʻzgartirishga urinib, avariya chiroqlarini yoqqan holda chap qatorda sekin harakatlangan. Begbayev oʻngga burilish uchun manevr qilayotganida, yuqori tezlikda kelayotgan ayol  tirkamaga kelib urilganini da’vo qilgan. Biroq yuk mashinasi kabinasini koʻzdan kechirish chogʻida videoregistrator borligi aniqlangan, uning ekrani esa oldindan qora yelim tasma bilan yopib qoʻyilgan edi. Olib qoʻyilgan yozuvni oʻrganish haydovchining koʻrsatmalarini toʻliq rad etdi.

Tergov materiallariga koʻra, soat 2:32 da yuk mashinasi 635-federal trassadan I-30 yoʻliga chiqish qismida toʻxtagan, shundan soʻng boshqa transport vositalariga e’tibor bermasdan, gavjum magistral boʻylab orqaga harakatlanishni boshlagan. Soat 2:34 da Maldonadoning avtomobili tirkamaga kelib urilgan va shundan soʻng avtomobil yonib ketgan. Huquqni muhofaza qilish organlari Texas va Nyu-York qonunchiligi avtomagistrallarda orqaga harakatlanishni qat’iyan taqiqlashini ta’kidlaydi. Tergov xulosasiga koʻra, Begbayev tijorat transportining professional haydovchisi sifatida ongli ravishda asossiz xavfga qoʻl urgan. Ekspertiza natijalari haydovchining qonida giyohvand moddalar yoki alkogol izlarini aniqlamagan boʻlsa-da, tergov davom etayotgan vaqtda u Meskita shahridagi qamoqxonaga joylashtirildi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya