
U Rossiyaga jang qilish uchun emas, pul topish uchun ketgan edi. Ammo til bilmaslik, hujjatsiz ishlash va oson daromad ilinji shahrisabzlik yigitning taqdirini butunlay boshqa tomonga burib yubordi. Kuryerlikdan boshlangan sarguzasht qamoq, harbiy shartnoma, Ukrainadagi jang maydoni, dron zarbasi, gospitaldan qochish va nihoyat, tun qorong‘usida kanal orqali Vatan chegarasini kesib o‘tish bilan yakunlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudi 2026-yil 3-iyul kuni Rossiya–Ukraina urushida qatnashgan O‘zbekiston fuqarosi M.A.ga nisbatan hukm chiqardi. Muqaddam sudlanmagan M.A. 2024 yil 9 avgust kuni Qozog‘iston orqali Rossiyaga ishlash uchun yo‘l olgan.
Dastlab u otasi bilan oyna ishlab chiqarish korxonasida mehnat qilgan. Biroq patenti bo‘lmagani uchun doimiy ishda qololmay, kunlik yumushlar bilan tirikchilik qilishga majbur bo‘ldi. 2025-yil fevral oyi oxirida esa ijtimoiy tarmoqdan “yaxshi haq” va’da qilingan kuryerlik ishini topdi.
M.A.ning sudda aytishicha, buyurtmachi bilan yuzma-yuz ko‘rishmagan — barcha muloqot internet orqali kechgan. U tashiyotgan qutilar ichida nima borligini ham bilmaganini iddao qiladi. Ammo 2025-yil 15-mart kuni navbatdagi buyurtmani yetkazish chog‘ida u Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari qo‘liga tushdi. Quti ochilganda ichidan kukunsimon moddalar chiqqan. Shundan so‘ng unga nisbatan giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Shu tariqa ish izlab borgan muhojir panjara ortiga tushib qoldi.
2025-yil iyulida qamoqda sog‘lig‘i yomonlashib qolganida unga bir qancha hujjatlarni imzolash uchun berishgan. Rus tilini yaxshi tushunmagan yigit bu qog‘ozlar davolanishi bilan bog‘liq deb o‘ylagan va taxminan 11–12 ta hujjatga imzo qo‘ygan.
Keyin esa imzo qo‘yilgan qog‘ozlar orasida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy xizmat shartnomasi ham borligi ma’lum bo‘lgan. Sud materiallarida ham ushbu hujjatlar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yil muddatga harbiy xizmat o‘tash va Rossiya–Ukraina jangovar harakatlarida Rossiya tomonida ishtirok etish bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.
Shundan keyin M.A. boshqa shaxslar qatori Xabarovskka, keyin esa Rostov-Don tomonga olib ketilgan. Uning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, Xabarovskda 30 dan ortiq o‘zbekistonlikni ko‘rgan. Turli millat vakillari bilan birga u yerda jami 300 ga yaqin odam to‘plangan.
M.A. dastlab qurol olishdan bosh tortgan va buning uchun uch kun alohida saqlangan. Oxir-oqibat harbiy tayyorgarlikka jalb qilingan.
Ularga katta pullar ham va’da qilingan.
Oradan ko‘p o‘tmay, kechagina Rossiyaga ish izlab kelgan muhojir qo‘liga qurol olib, Ukrainadagi jang maydoniga tushib qolgan.
2025-yil sentyabrida M.A. jangovar harakatlar zonasida bo‘lgan. 16-sentyabr kuni drondan tashlangan snaryad portlashi oqibatida tanasining turli joylaridan jarohat olgan. Shundan keyin Rostovdagi harbiy gospitalda davolangan.
Sud hujjatlarida uning urushda qatnashganini tasdiqlovchi dalillar ham keltirilgan. Jinoyat ishiga M.A.ning harbiy bileti, seriya va raqami ko‘rsatilgan jetoni, harbiy libosda tushgan suratlari hamda telefondan olingan foto va videomateriallar qo‘shilgan.
Ammo M.A.ning «sarguzasht»lari shu joyda tugamagan.
11-oktyabr kuni u gospitaldan qochib, Rossiya hududidan Qozog‘istonga o‘tib olgan. Endi uning yagona maqsadi — qanday qilib bo‘lmasin, O‘zbekistonga, uyiga yetib olish edi.
Biroq xorijga chiqish biometrik pasporti bo‘lmagani uchun chegaradan qonuniy tartibda o‘tish imkoni bo‘lmagan. Shunda M.A. Vatanga yashirin yo‘l bilan kirishga qaror qilgan.
2025-yilning kech kuzi. Yarim tunda M.A. Toshkent viloyati hududida Qozog‘istondan O‘zbekistonga oqib kiruvchi kanalning sovuq suviga tushdi. Tun qorong‘usida suv orqali harakatlanib, davlat chegarasidagi sim to‘siqlar ostidan o‘tib, O‘zbekiston hududiga kirib oldi.
U urushdan qochib, uyiga qaytdi. Ammo endi uni O‘zbekistonda sud kutib turardi.
Shahrisabz shahar sudi M.A.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi, 154¹-moddasi 1-qismi va 223-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
Unga alohida moddalar bo‘yicha 4 yil ozodlikni cheklash, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari va yana 3 yil ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi. Jazolar qisman qo‘shilib, yakunda 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.
Tilni bilmaslik, hujjatsiz ishlash, internetdagi oson pul va’dalariga ishonish va mazmunini tushunmagan qog‘ozlarga imzo qo‘yish — bularning har biri alohida xavf. Bu safar esa ularning barchasi bir inson taqdirida tutashdi: ish izlab chiqqan yo‘l uni qamoqdan urush maydoniga, u yerdan gospitalga, keyin esa tun qorong‘usida kanal orqali Vatanga qaytishga olib keldi.