387 27/08/2026

Omsk shahrining Kirov tuman sudi Yamil Efendiyevni hibsga olishni rad etdi. U «Lira» pudratchi kompaniyasi rahbarining oʻrinbosari boʻlib ishlaydi. Efendiyev qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 216-moddasi 3-qismi boʻyicha gumonlanmoqda.

Avvalroq Yamil Efendiyev va uning turmush oʻrtogʻi – «Lira» MChJga rahbarlik qiluvchi Gulzara qurilayotgan koʻp qavatli uydagi yongʻin tufayli qoʻlga olingan edi. Binoning quruvchisi «Brusnika» kompaniyasi hisoblanadi. U ishchilar mehnat qilgan uchta pudrat tashkilotini yollagan. Hodisa vaqtida 11 nafar quruvchi migrant jabrlandi. Yongʻin 15-avgust kuni sodir boʻldi. Dastlabki ma’lumotlarga koʻra, payvandlash ishlari paytida uchqun sachrab, yongʻin chiqqan.

Ishchilar olov qurshovida qolib, yuqori qavatlardan pastga sakrashgan. Quruvchilar ogʻir kuyish, sinish va boshqa jarohatlar olgan. Toʻrt nafar ishchi halok boʻldi. Halok boʻlganlar orasida bir nafar oʻzbekistonlik, bir nafar Qozogʻiston fuqarosi va ikki nafar tojikistonlik muhojir boʻlgan. Sud gumonlanuvchini hibsga olishni 23-avgust kuni rad etdi.

Yongʻin fakti boʻyicha, shuningdek, ehtiyotsizlik orqasida ikki va undan ortiq shaxsning oʻlimiga sabab boʻlgan mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 143-moddasi 3-qismi boʻyicha yana bir jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Keyinchalik tergovchilar ushbu jinoyat ishlarini bittaga birlashtirishi mumkin.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya