Maqola

104 07/08/2024

Tojikiston Rossiyada migrantlar ishlashi mumkin bo‘lgan sohalarni cheklashga qanday munosabat bildirgani ma’lum qilindi. Avvalroq Qirg‘iziston vitse-premyeri migratsiya qonunchiligi va qirg’izistonlik muhojirlarning holati haqida gapirgan edi. Markaziy Osiyo davlatlaridan hozircha faqat O‘zbekistondan hech qanday munosabat bo‘lgani yo‘q.

Tojikistondagi mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Gulnora Hasanzoda Rossiyada muhojirlar ishlashini cheklash bo‘yicha tojik hukumatining reaksiyasi haqida TASSga ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Dushanbe migrantlar mehnatini taqiqlagan Rossiyaning ayrim hududlari bilan diplomatik muloqot olib bormoqda.

«Barcha hamkorliklar diplomatik liniya orqali olib borilmoqda, belgilangan tartibda murojaat qilyapmiz va har doim migratsiyadagi barcha muammolar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik uchun aloqaga chiqamiz. …Shu jumladan, hududiy rahbarlar bilan ham», — degan Tojikistonning mehnat vaziri.

Hasanzodaning ta’kidlashicha, Rossiyada hozir muhojirlarga mehnat bozorini yopish tendensiyasi mavjud, ammo Dushanbe qabul qilingan qonunchilik normalari asosida ish ko‘radi.

Qirg‘iziston vitse-premyeri Edil Baysalov Davlat Dumasiga kiritilgan migrantlarga tibbiyot va ta’lim sohalarida ishlashni taqiqlovchi qonunni tanqid qilib chiqqan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek mazkur cheklovlar Qirg‘iziston fuqarolariga taalluqli bo‘lmasligidan umid qiladi.

«Biz Rossiya Federatsiyasining Davlat dumasida muhokama qilinayotgan o‘zgartishlar va cheklovlar Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolariga tegishli emas, degan pozitsiyadan kelib chiqmoqdamiz», — deb yozadi u.

Baysalovning so‘zlariga ko‘ra, agar Qirg‘iziston fuqarolari uchinchi davlatlardan kelgan migrantlarga tenglashtirilsa, respublika hukumati o‘z xalqiga nima uchun YEOIIda ishtirok etishayotganini tushuntira olmaydi.

O‘zbekiston hukumati hozircha Rossiyadagi migrantlar uchun cheklovlar va qonunchilikdagi kuchaytirishlar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirmagan. O‘zbekiston oldin ham bunday yangiliklarga o‘z vaqtida reaksiya yoki izoh bildirish bilan ajralib turmagan. Biroq, Rossiyadagi o‘zbek migrantlari orasida xavotir oshmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada kamida 1,5 million o‘zbekistonlik bor.

Ularning holati kun sayin og‘irlashmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning migrantlar uchun munosib mehnat sharoitlari haqidagi va’dalariga qaramay, vaziyat og’irlashishda davom etib, mavhum bo‘lib qolmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya