Maqola

796 10/12/2024

Tojikistondan bo‘lgan migrant Qudrat Yo‘ldoshev Moskva yaqinida 25 yoshli Yusufaxon Yo‘ldoshevani o‘ldirganlik uchun 14 yil qamoqqa hukm qilindi. Marhumaning qarindoshlari jinoyatchi jazodan qochib qutulmoqchi bo‘lganini iddao qilmoqda, biroq tergov uning aybdorligini tasdiqlovchi dalillarni to‘plashga muvaffaq bo‘lgani haqida “НТВ” xabar bergan. Agar Yo‘ldoshev tayinlangan jazoni o‘tab chiqsa, uning yoshi 80 da bo‘ladi.

Fojia ikki yil avval oktabr oyida qizning yo‘qolishidan boshlandi. Yo‘ldoshevlar oilasi Yusufaxon uyga qaytmaganidan keyin politsiyaga murojaat qiladi. Kuzatuv kamerasi va telefon signali tergovchilarni noqonuniy migrant yashaydigan uyga olib borgan. Tintuv vaqtida uning furgonida qon izlari topildi, biroq dastlabki DNK tahlillari qon yo‘qolgan Yusufaxonga tegishli emasligini ko‘rsatgan. Biroq ma’lum vaqt o‘tib, tahlil noto‘g‘ri tish cho‘tkasi asosida o‘tkazilgani aniqlangan va tergov yana bir yilga cho‘zilgan.

Yusufaxon Moskva oliygohlaridan birining talabasi bo‘lib, unashtirilgan edi. Uning 60 yoshli migrant bilan qanday tanishgani hozirgacha noma’lum. Qudrat Yo‘ldoshev qayta so‘roq vaqtida qiz unga pul jo‘natish tizimidan foydalanishda yordam berganini tan oladi. Shu asosda Qudratning uyida takroran tintuv o‘tkaziladi va hovlida ko‘milgan Yusufaxonning 33 pichoq zarbi bilan halok bo‘lgan jasadi topiladi. Bunga qaramay, Qudrat Yo‘ldoshev jasad qanday qilib uning hovlisida paydo bo‘lganini tushuntirib bera olmagan.

Marhumaning qarindoshlari Yo‘ldoshev jazodan qochish uchun pora bermoqchi bo‘lgan deb hisoblamoqda. Tintuv vaqtida oddiy muhojirning yonidan o‘n minglab dollar topilgan, pullarning kelib chiqishi hanuz noma’lum.

Shunga qaramay, Balashixa shahar sudi dalillarni yetarli deb topib, hukm chiqardi. Yo‘ldoshev oxirgi so‘zida o‘zining aybsiz ekanligini ta’kidlab, qizga «o‘z qizimdek munosabatda bo‘lganman» degan. Marhumaning oilasi adolat tiklanganiga ishonsa-da, vafot etgan farzandlarining o‘rnini hech narsa to‘ldira olmasligini aytmoqda.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya