
O‘zbekiston elchixonasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev va Buyuk Britaniyaning Bandlik huquqi va ekspluatatsiyaga qarshi kurash boshqarmasi – Gangmasters and Labour Abuse Authority (GLAA) rahbari Eliza Makkaffri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
GLAA Buyuk Britaniyaning davlat agentligi boʻlib, xususiy bandlik agentliklarini, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasidagilarni litsenziyalaydi va mehnat qonunchiligiga rioya etilishini va mehnat sharoitlarini yaxshilashni nazorat qiladi. Agentlikning asosiy vazifasi ishchilar ekspluatatsiyasining oldini olish va ularning huquqlarini himoya qilishdir.
Muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi sohasida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi va bir qator qo‘shma qadamlar bo‘yicha kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Migratsiya agentligi va GLAA o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.
Hujjatda Buyuk Britaniyaga o‘zbekistonlik ishchi kuchini jalb etishni tartibga solish, migrantlarni ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, mamlakatda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.