AQSH prezidenti Donald Tramp ayrim mehnat muhojirlarining mamlakatda qolishiga ruxsat berishga tayyorligini aytdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ayova shtatida so‘zlagan Tramp qishloq xo‘jaligida ishlayotgan muhojirlar AQSHda ishlashda davom etishi mumkinligini aytdi. Biroq prezident ular ishlayotgan fermerlar bu xorijliklarga kafolat berishi kerakligini shart qilgan. Tramp, shuningdek, mehmonxona sanoati bilan bu masalada ish olib borishini aytgan.
Prezident bayonotiga fermerlarning ishchi kuchi yetishmasligi sababli hosillari xavf ostida qolgani haqida shikoyatlari sabab bo‘ldi. «Biz bu muammoni fermalardan barcha ishchilarni haydash bilan yechishni istamaymiz», degan Tramp.
Avvalroq Tramp AQSHning yirik shaharlarida noqonuniy muhojirlarni hibsga olish va deportatsiya qilish uchun ko‘proq harakat qilishni talab qilgan edi. Bundan tashqari, uning aytishicha, immigratsiya siyosatiga norozilik bildirganlarga ayrim «professionallar» tomonidan pul to‘lanadi.
Iyul oyi boshida Tramp Floridada noqonuniy muhojirlar uchun timsohlar yashaydigan botqoqliklar bilan o‘ralgan yangi hibsxona ochgan va u «Alligatorli Alkatras» deb nom olgan edi.