Saylov kampaniyasi davomida Donald Tramp “so‘ldan kelgan tartibsizliklarga” toqat qilmasligini va prezident bo‘lsa, bor kuchini ishga solishini aytgan edi.
AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) harakatlariga qarshi Kaliforniyadagi norozilik namoyishlari uning buni amalda ko‘rsatishi uchun qulay imkoniyatga aylandi.
Los-Anjeles politsiyasi norozilik namoyishlari asosan tinch o‘tganini va mahalliy hukumatlar vaziyatni o‘zlari hal qilishlari mumkinligini aytgan bo‘lsa-da, Tramp jamoasi butunlay boshqacha fikr bildirdi. Ularning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, immigratsiya xizmati xodimlari hujumga uchragan va hatto yaralangan. Ular, shuningdek, polisiya juda sekin harakat qilmoqda, degan fikrda.
Shu sababli Tramp tartibni tiklash uchun Los-Anjelesga Milliy gvardiya qo‘shinlarini yubordi.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noyem CBS telekanaliga polisiyaning aralashuvini kutish juda uzoq va xavfli ekanligini aytgan. U «agar biz harakat qilishdan oldin politsiya xodimining jarohatlanishini kutayotgan bo‘lsak, bu to‘g‘ri emas. Biz tezroq harakat qilishimiz kerak», degan.
Biroq, Los-Anjeles polisiyasi birinchi signaldan 55 daqiqa o‘tib olomonni tarqata boshlaganini aytdi. Ular vaziyatga qarab qo‘llaridan kelganini qilishgani aytilmoqda.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusomning qarshiligiga qaramay, Tramp baribir 2000 askar yubordi. Mudofaa vaziri Pit Xegsetning aytishicha, hatto dengiz piyodalari ham yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan. Bu harbiylardan mamlakat ichkarisida foydalanish mumkin bo‘lgan kamdan-kam holat bo‘ldi.
Yakshanba kuni ertalab Tramp tartib tiklanganini aytdi va Milliy gvardiya askarlariga garchi o‘sha paytda ularning hammasi ham yetib kelmagan bo‘lsa ham, minnatdorchilik bildirdi.
Prezidentning bunday tezkor javobi uning jamoasining bu noroziliklarga tayyor bo‘lganini va balki shu bahonani kutganligini ko‘rsatadi.
Biroq demokratlar Trampning harakatlarini tanqid qilmoqda. Ularning aytishicha, hatto kafe va do‘konlarda ham odamlarni ushlab turgan niqobli qurolli agentlarni yuborish ko‘pchilikni g‘azablantiradi. Ularga ko‘ra, prezident haddan tashqari qo‘pol harakat qilmoqda va vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Nyu-Jersi shtatidan senator Kori Buker shunday dedi:
«Prezident buni hech qanday zaruratsiz qildi. Bu faqat keskinlikni kuchaytirishi mumkin. Ko‘plab tinch namoyishlar odamlar muammolarni hal qilish o‘rniga shunchaki hibsga olinganini ko‘rgani uchun boshlandi».
Amerika Qo‘shma Shtatlarida yozda tez-tez norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tadi. Kaliforniyadagi bu namoyishlar yakka hodisa bo‘lib qoladimi yoki kattaroq narsaning boshlanishimi noma’lum, chunki Trampning ikkinchi muddati bor-yo‘g‘i besh oy oldin boshlangan.