AQSh prezidenti Donald Tramp mudofaa va ichki xavfsizlik vazirlariga Guantanamodagi Amerika harbiy-dengiz bazasida migrantlar bilan ishlash markazini «to‘lguncha» kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirdi. Bu buyruq Oq uyning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan.
Qaror AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan va jinoyatchilikda ayblangan xorijliklarni qamoqqa olish uchun qo‘shimcha shartlar yaratish hamda qochqinlar bilan ishlaydigan davlat idorasining ehtiyojlarini qondirish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, Tramp Leyken Rayli qonunini ham imzolagan. Unga ko‘ra muhojirlarga AQShda o‘g‘irlik va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilsa, ularni qamoqqa olish talab etiladi.
Tramp qonun imzolanishidan oldin: «Ko‘pchilik buni bilmaydi ham. Bizda Guantanamoda eng xavfli jinoyatchi-migrantlarni, ya’ni Amerika xalqiga xavf solayotganlarni qamoqqa olish uchun 30 000 o‘rin bor», — deb aytgan.
Guantanamodagi migrantlar uchun qamoq markazi AQShning immigratsiya va bojxona idoralari tomonidan nazorat qilinadi. Pentagon rahbari Pit Xegset “Fox News” efirida qamoqqa olingan qochqinlar terrorizmda ayblanib, Guantanamoda saqlanayotgan jinoyatchilar bilan birga saqlanmasligini aytgan. Uning fikricha, «ushbu markaz deportatsiya qilinayotgan muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun kerakli hujjatlar to‘planguncha xorijliklar vaqtincha saqlanadigan tranzit joy» bo‘ladi. Xegset, shuningdek, Guantanamoga yana 6 ming kishi sig‘ishi uchun golf maydonidan foydalanish mumkinligini aytgan.