AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyati noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish uchun armiyani jalb qilish va favqulodda holat e’lon qilishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
«To‘g‘ri», — deb yozdi respublikachi Tramp konservativ tashkilot Judicial Watch rahbari Tom Fittonning yuqorida keltirilgan harakatlarni tasvirlovchi Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postiga javoban.
11-noyabr kuni Tramp shtabi matbuot kotibi Kerolayn Livitt uning prezidentlik lavozimiga kirishgan birinchi kunidayoq AQSh tarixidagi eng yirik noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish operatsiyasini amalga oshirishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp AQShning janubidagi Meksika bilan chegarani himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘radi, hozirgi prezident Jo Bayden ma’muriyati esa buni amalga oshirishdan bosh tortmoqda.