
Donald Tramp AQSh rasmiylari migratsiya statusiga ega boʻlmagan chet ellik trak haydovchilarini qattiqroq nazorat qilishini ma’lum qildi. Ularning oʻrniga amerikalik harbiy faxriylarni ishga yollash rejalashtirilmoqda.
Tramp yangi qaror haqida Pensilvaniya shtatining Karlayl shahrida boʻlib oʻtgan mudofaa va innovatsiyalar boʻyicha sammitdagi nutqi chogʻida gapirdi. U yuk mashinalari rulida boʻlgan noqonuniy migrantlar yoʻl belgilarini bilmasliklari va giyohvand moddalar iste’mol qilishlari sababli tez-tez oʻlim bilan yakunlanuvchi avariyalarni sodir etishini iddao qildi.
Yangi dastur doirasida faxriylar yuk mashinalarini boshqarishga maxsus oʻqitiladi. Ogʻir texnikani boshqarish tajribasiga ega boʻlgan sobiq harbiylar soddalashtirilgan tizim boʻyicha tijorat haydovchilik guvohnomasini olishlari mumkin boʻladi. Tramp armiyadagi xizmati davomida ogʻir yuk mashinasini boshqargan har qanday amerikalik tijorat haydovchilik guvohnomasini avtomatik ravishda olishini va’da qildi.
Prezident shu oyda Pensilvaniyada yuz bergan avariyani misol qilib keltirdi. Shtat politsiyasining bir nafar xodimi halok boʻlgan hodisada Haitidan kelgan bir immigrant ayblandi. Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga koʻra, uning Massachusets shtatida berilgan tijorat haydovchilik guvohnomasi boʻlsa-da, AQShda yashash uchun ruxsatnomasi boʻlmagan.
Ushbu qaror Trampning immigrant haydovchilarga qarshi siyosatini davom ettiradi. 2025-yil aprel oyida u Transport vazirligi tijorat haydovchilari uchun ingliz tilini bilish talabini joriy etishi va ishlash ruxsatnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolarining haydovchilik guvohnomalarini tekshirishi lozimligi toʻgʻrisidagi farmonni imzolagan edi. Bundan oldin hukumat boshpana izlovchilar, qochqinlar va AQShga bolaligida kelgan shaxslar uchun deportatsiyani kechiktirish dasturi (DACA) ishtirokchilariga tijorat guvohnomalarini berishni taqiqlash rejalarini e’lon qilgan edi. Shu yilning mart oyida qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasiga ega boʻlgan 200 000 ga yaqin immigrant haydovchi tijorat guvohnomalaridan mahrum boʻldi. AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilda bunday haydovchilar soni 700 000 dan ortiq kishi boʻlib, bu mamlakatdagi barcha tijorat yuk tashuvchilarining 18% ini tashkil etgan.
Shu bilan birga, immigrantlar aybi bilan sodir boʻlgan avariyalar soni boʻyicha rasmiy tadqiqotlar mavjud emas. Statistika AQShda yuk mashinalari ishtirokidagi avariyalarning umumiy soni kamayayotganini koʻrsatmoqda. 2024-yil sentyabrdan 2025-yil sentyabrgacha boʻlgan 12 oy davomida mamlakatda katta yuk mashinalari ishtirokida 3 632 ta avariya sodir boʻlgan. Bu bir yil oldingi xuddi shu davrga nisbatan 15% ga kam boʻlib, unda 4 292 ta shunday avariya qayd etilgan edi.