
Turkiyada ishlamoqchimisiz? Unda bu qoidalarni o’rganib chiqing. Turkiyada ishlamoqchi bo‘lgan chet ellik fuqarolar albatta ishlash ruxsatnomasi, ya’ni çalışma iznini olishlari va migratsiya qonun-qoidalariga rioya qilishlari kerak.
Viza imtiyozi va ishlash ruxsatnomasi
O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada 180 kun ichida 90 kungacha vizasiz kirish va bo’lish huquqiga ega. Ko’pchilik vatandoshlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, Turkiyaga viza olmay borishadi. Lekin, bu bizga ishlash huquqini bermaydi. Qonuniy ishlash uchun Turkiyaga ishchi viza olib kelish va ishlash ruxsatnomasini rasmiylashtirish yoki boshqa asos bilan Turkiyada ishlash ruxsatnomasini olish talab qilinadi.
Ishlash ruxsatnomasisiz ishlash ham xodim, ham ish beruvchi uchun jarimaga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, chet ellik shaxsga nisbatan deportatsiya va Turkiyaga kirishga taqiq kabi choralar qo‘llanishi mumkin.
Ishlash ruxsatnomasi ish beruvchi orqali olinadi. Ishlash ruxsatnomasi ayni paytda yashash ruxsatnomasi o‘rnini ham bosadi va amal qilish muddati davomida Turkiyada qonuniy yashash huquqini beradi.
Ishlash ruxsatnomasiga ariza berish
Ishlash ruxsatnomasi uchun ariza ikki xil usulda berilishi mumkin:
• Agar Turkiyada kamida 6 oylik amal qiluvchi yashash ruxsatnomangiz, ya’ni iqomat izni bo‘lsa, ariza Turkiya ichidan berilishi mumkin.
• Agar yashash ruxsatnomangiz bo‘lmasa, ariza xorijdan, ya’ni yashayotgan mamlakatingizdagi Turkiya Respublikasi elchixonasi yoki konsulligi orqali beriladi.
O‘zbekistondan beriladigan ishchi vizasi arizalari odatda Turkiya Respublikasi tomonidan vakolat berilgan viza ariza markazlari, ya’niSefa Viza orqali qabul qilinadi.
Manzil ro‘yxati va xabar berish majburiyati
Turkiyaga kelib yashash ruxsatnomasi yoki ishlash ruxsatnomasi olgandan so‘ng eng kamida 20 ish kuni ichida yashash manzilingizni ro‘yxatdan o‘tkazishingiz kerak.
Buning uchun Migratsiya boshqarmasining randevu tizimi orqali navbat olinadi.
Ro‘yxatidan o‘tish vaqtida manzil bildiriladi va barmoq izi olish jarayonlari ham amalga oshiriladi. Agar manzilingiz o‘zgarsa, bu haqda ham 20 ish kuni ichida Migratsiya boshqarmasiga xabar berishingiz shart.
Shuningdek, yangi pasport olish, oilaviy holat o‘zgarishi, shaxsiy ma’lumotlardagi o‘zgarishlar ham shu muddat ichida bildirilishi kerak.
Mehnat shartnomasi
Ish boshlashdan oldin albatta yozma mehnat shartnomasi tuzilishi va uning bir nusxasi sizda qo‘lishi kerak.
Mehnat shartnomasida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi zarur:
• bajariladigan ish turi
• ish soatlari
• oylik maosh miqdori
• maosh to‘lanadigan kun
• haftalik dam olish kuni
Ish vaqti
Turkiyada qonuniy haftalik ish vaqti 45 soat hisoblanadi. Bir kunlik ish vaqti 11 soatdan oshmasligi kerak.
Xodimlarning tanaffus qilish huquqi ham mavjud:
• 4 soatgacha ishda kamida 15 daqiqa
• 4 – 7,5 soat ishda kamida 30 daqiqa
• 7,5 soatdan ortiq ishda kamida 1 soat tanaffus berilishi kerak.
Har bir xodim haftasiga kamida 1 kun (24 soat) dam olish huquqiga ega.
Qo‘shimcha ish (overtime)
Haftasiga 45 soatdan ortiq ishlash qo‘shimcha ish hisoblanadi. Qo‘shimcha ish uchun oddiy ish haqining 50% ko‘proq (1,5 baravar) miqdorida to‘lov berilishi kerak.
Minimal ish haqi
Turkiyada ko‘plab maoshlar minimal ish haqi asosida belgilanadi.
2026 yil uchun:
Net minimal ish haqi: 28.075,50 TL
Brutto minimal ish haqi: 33.030,00 TL
SGK va sog‘liqni saqlash xizmatlari
Ishlash ruxsatnomasi olingandan va SGK, ya’ni Ijtimoiy xavfsizlik tashkiloti ro‘yxati amalga oshirilgandan so‘ng siz Umumiy sog‘liqni saqlash sug‘urtasi tizimiga kirasiz.
Shu orqali:
• davlat shifoxonalarida tibbiy xizmatlardan foydalanish
• retsept bo‘yicha dorilarni chegirma bilan olish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Ishchi huquqlari bo‘yicha murojaat
Agar ish joyida maosh, ish vaqti yoki boshqa mehnat huquqlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, ALO 170 Mehnat va ijtimoiy ta’minot maslahat liniyasi orqali shikoyat yoki ma’lumot so‘rab murojaat qilishingiz mumkin.
Bu qoidalarga rioya qilish sizni Turkiyada xavfsiz yashash va ishlashingiz garovidir. Ularga amal qiling, ishingizga baraka bersin.