Turkiya hukumati «shartli kirish» (şartli giriş) tizimini bekor qildi. Bu haqda Istanbuldagi O’zbekiston Bosh konsulligi ogohlantirish bilan chiqdi.
Yangi tartib 2025-yil fevral oyining boshidan kuchga kirdi. So’nggi ikki hafta ichida “shartli kirish”ning bekor qilinishi tufayli Turkiya aeroportlarida 150 dan ortiq chet el fuqarosi, shu jumladan o’zbekistonliklar qiyinchiliklarga duch kelgani xabar qilinmoqda.
“Shartli kirish” nima?
Bu qoida bekor qilinguniga qadar, Turkiyada yashash muddatini o’tkazib yuborgan yoki yashash uchun ruxsatnoma (ikamet izni) olishda rad javobini olgan chet el fuqarolari shartli kirish orqali darhol Turkiyaga qaytib, 10 kun ichida yangi ariza topshirish yoki boshqa rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyatiga ega edi.
Endi, yangi tartibga ko’ra, Turkiyaga kirish taqiqi shaxsning qaysi davlat fuqaroligiga qarab 3 oydan 6 oygacha amal qilishi mumkin.
Istanbuldagi O’zbekiston Bosh konsulligi Turkiyaga bormoqchi bo’lgan o’zbekistonliklarni oldin ushbu mamlakatning migratsiya qoidalari bilan tanishib chiqish, hujjatlaringiz tartibda ekaniga ishonch hosil qilishga chaqirmoqda.
Shu bilan birga, yashash uchun ruxsatnoma olishga rad etilgan fuqarolardan mamlakatni qonunlarga hurmat bilan tark etish so’ralgani aytilmoqda. Aks holda Turkiyaga keyinchalik qaytish imkoniyati qat’iy cheklanishi mumkinligi konsullik tomonidan ta’kidlangan.