
FSB Udmurtiyada teraktning oldi olingani haqida xabar tarqatdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Glazov shahrida poyezdga o‘t qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda gumon qilingan Markaziy Osiyo davlatlaridan biri fuqarosi qo‘lga olingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tintuv chog‘ida erkakdan qo‘lbola o‘t qo‘yish moslamalari uchun qismlar, ularni tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnoma bo‘lgan mobil telefon, terakt sodir etilishi taxmin qilinayotgan hududdagi ob’yektlar joylashuvi rejasi, shuningdek, Telegram messenjerida xalqaro terrorchilik tashkilotlari tarafdorlari deb taxmin qilingan shaxslar bilan yozishmalar olib qo‘yilgan. Tergov, shuningdek, hibsga olingan shaxs «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan teraktni onlayn tarzda oqlaganini da’vo qilmoqda.
Unga qarshi terrorchilik harakatiga tayyorgarlik ko‘rish, terrorizmga ommaviy chaqiriqlar, shuningdek, internetda oqlash va targ‘ibot qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Shuni ta’kidlash kerakki, sud hukmi qonuniy kuchga kirgunga qadar erkak gumonlanuvchi deb hisoblanadi va uning aybi to‘g‘risida yakuniy xulosani faqat sud berishi mumkin. Bunday hollarda provokatsiya yoki soxta gumon qilish variantlari ham istisno etilmaydi, shuning uchun huquq himoyachilari an’anaga ko‘ra bunday xabarlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradilar.
Qo‘lga olingan shaxs hozirda hibsda, tergov harakatlari davom etmoqda.