330 26/06/2026

Ukraina harbiy harakatlar boshlanganidan beri Rossiya hududiga eng yirik tungi dronlar hujumini amalga oshirdi. Rossiya harbiylari bir kechada Ukrainaning 660 ta dronini yoʻq qilgani haqida xabar berdi. Uchuvchisiz apparatlarning katta qismi Ukraina armiyasiga Rossiya mudofaa tizimlarini haddan tashqari band qilish va front ortidagi turli obyektlarga muvaffaqiyatli zarba berish imkonini beradi.

Dronlar Belgorod, Bryansk, Kursk, Oryol, Kaluga, Lipetsk, Rostov, Voronej, Tula, Ryazan, Astraxan viloyatlari, Moskva regioni, Qrim, shuningdek, Qora va Azov dengizlari uzra uchdi. Tula viloyatida Novomoskovsk shahridagi oʻgʻit va ammiak ishlab chiqaradigan «Azot» kimyo kombinati shikastlandi. Shuningdek, Novomoskovsk GRESi yonib ketdi. Ushbu stantsiya shahar aholisining 2/3 qismiga va 20 ga yaqin korxonaga issiqlik hamda issiq suv yetkazib beradi. Viloyat gubernatori elektr uzatish liniyasi shikastlanganini, Shyokino tumanida esa turar joy binosi zarar koʻrganini va u yerda 1 ayol jarohat olganini ma’lum qildi.

Shu kechada Rossiya ham Ukrainaga raketalar va dronlar bilan hujum qildi. Poltava viloyatining Kremenchug tumanida sanoat ob’ektlari zarar koʻrdi va elektr energiyasi qisman oʻchdi. Odessa viloyatida energiya tizimining shikastlanishi sababli bir nechta posyolka elektrsiz qoldi, u yerda 1 kishi jabrlandi.

Harbiy mutaxassislar Ukraina mudofaani yengib oʻtish uchun yangi taktikadan foydalanayotganini aytmoqda. Front chizigʻi juda uzun – 1200 kilometrni tashkil etadi, shuning uchun butun keng hududni himoya qilish qiyin. Bundan tashqari, Rossiyaning bitta «Pantsir» zenit majmuasi bir vaqtning oʻzida koʻpi bilan 4 ta nishonni urib tushira oladi. Dastlabki uchib kelgan dronlar mudofaa tizimlari qayerda joylashganini bilib olishga yordam beradi. Shundan soʻng, boshqa uchuvchisiz apparatlar boʻsh yoʻl boʻylab uchadi. Shu sababli hujumlar soni doimiy ravishda oshib bormoqda.

Oʻtgan yilning may oyida Rossiya Mudofaa vazirligi 2504 ta dron urilganini ma’lum qilgan boʻlsa, shu yilning yanvar oyida bu raqam 3676 taga yetdi, may oyida esa 8849 tani tashkil etdi. Zarbalarning aniqligi ham oshib bormoqda. Janes mudofaa kompaniyasining hisob-kitoblariga koʻra, joriy yilda Ukrainaning Rossiya ortiga bergan barcha muvaffaqiyatli zarbalarining taxminan 35% qismi iyun oyiga toʻgʻri kelgan.

Ushbu hujumgacha eng yirik tungi bosqin 17-may kuni yuz bergan boʻlib, unda harbiylar 556 ta uchuvchisiz apparatni qayd etgan edi. Yana bir ommaviy tungi hujum 18-iyun kuni sodir boʻldi, oʻshanda Rossiya tomon 555 ta dron uchgan edi. Shu kunning oʻzida, 18-iyun kuni rekord oʻrnatildi — Rossiya Mudofaa vazirligi bir sutka ichida 992 ta uchuvchisiz apparat urilgani haqida xabar bergan edi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya