Maqola

354 14/03/2026

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqqan ishda To‘rtko‘l tuman sudining 2025-yil 15-dekabrda chiqargan hukmini o‘zgarishsiz qoldirdi. Sudlanuvchining jazoni yengillashtirish haqidagi shikoyati qanoatlantirilmadi.

Sud materiallariga ko‘ra, 1983-yil 7-mart kuni To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan, ikki nafar farzandi bor fuqaro 2020-yil noyabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. U Moskva shahrida qurilish sohasida ishlagan.

2022-yil may oyida u giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topilib, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi bo‘yicha 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, u jazoni o‘tayotgan koloniyada 2024-yil dekabr oyida Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari olib borgan targ‘ibot ishlari ta’sirida harbiy xizmatga kirishga rozilik bildirgan. U bir yillik shartnoma asosida Rossiya armiyasi safida xizmat qilishga rozi bo‘lgan.

Shartnoma imzolangandan so‘ng unga Samara viloyatining Voljsk tumanidagi harbiy komissariat tomonidan harbiy guvohnoma rasmiylashtirilgan va shaxsiy raqam berilgan. Shundan keyin u maxsus harbiy lagerda tayyorgarlikdan o‘tgan.

Keyinchalik u Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. 2025-yil yanvar oyida Donetsk viloyatida bo‘lib o‘tgan janglar paytida havodan uyushtirilgan hujum natijasida uning chap qo‘li, yelkasi va o‘ng biqiniga jarohat yetgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u harbiy formada tushgan fotosuratlarini hamda jangda yaralangan holatini telefonida saqlab kelgan. 2025-yil 25-avgust kuni Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida uning «HONOR» rusumli telefonida ushbu fotosuratlar aniqlangan.

Birinchi instansiya sudi uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanma sifatida qurolli to‘qnashuvda ishtirok etish) hamda 154-1-moddasi 1-qismi (chet davlatning harbiy xizmatiga kirish) bo‘yicha aybdor deb topgan edi. Sud ushbu moddalarni qo‘llab, unga jami 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Sud hukmiga ko‘ra, jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘taladi va jazoni o‘tash muddati 2025-yil 15-dekabrdan boshlab hisoblanadi.

Apellyatsiya shikoyatida sudlanuvchi qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, o‘ziga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Biroq apellyatsiya instansiyasi ish materiallarini o‘rganib, birinchi instansiya sudi barcha dalillarni har tomonlama tekshirgan va qonun talablariga muvofiq qaror chiqargan degan xulosaga keldi. Shu sababli hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.

Sud O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat fuqarolarining chet davlatlar armiyasida xizmat qilishi yoki boshqa davlat tomonida qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishi jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ta’kidlagan.

 

Rossiya: quvilgan migrantlar, do‘stini qutqargan yigit, layk uchun jarima

Navigatsiya