
BBC, Mediazona va ko‘ngillilar jamoasi Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan 118 139 nafar rossiyalik askarning ismlarini aniqladi. Ulardan 500 dan ortig‘i 28 davlat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan muhojirlardir.
Eng ko‘p halok bo‘lganlar Tojikiston fuqarolari — 72 kishi bo‘lsa, O‘zbekiston ikkinchi o‘rinda — 66 kishi.
Jurnalistlarning qayd etishicha, Tojikiston va O‘zbekistondan halok bo‘lganlarning yarmidan ko‘pi Rossiyada hibsda bo‘lgan. Qamoqdan chiqish uchun ular “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, frontga jo‘natilgan.
Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi muhojirlar deportatsiyani bekor qilish, kirish taqiqini olib tashlash yoki soddalashtirilgan fuqarolikni va’da qilib urushda qatnashishga majbur etilmoqda. Ko‘pchilik ishini yo‘qotish yoki deportatsiya qilishdan qo‘rqib rozi bo‘ladi.
Jurnalistlar tomonidan tuzilgan ro‘yxatga faqat shartnoma tuzilgan paytda Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan va o‘limi rasmiy xabarlar, qarindoshlarining ijtimoiy tarmoqlari yoki qabrlar suratlari orqali tasdiqlangan xorijliklar kiritilgan.
Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlardan tashqari, Nepaldan ko‘plab halok bo‘lganlar bor — 70 kishi. Yana 50 ga yaqin nepallik bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Qo‘shma Shtatlardan, shuningdek, Efiopiya, Zambiya, Tanzaniya, Togo va Markaziy Afrika Respublikasidan o‘lganlar bor.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p halok bo‘lgan xorijliklar Shimoliy Koreyadan bo‘lishi mumkin. Biroq ularning shaxsini aniqlash qiyin: ular ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaydi, KXDR rasmiylari esa o‘z yo‘qotishlarini yashirmoqda. Janubiy Koreya razvedkasining hisob-kitoblariga ko‘ra, KXDRning frontdagi yo‘qotishlari 600 ga yaqin kishini tashkil qiladi.
Jurnalistlarning fikricha, urushda o‘lgan xorijliklarning haqiqiy soni aniqlanganidan ancha yuqori.