Maqola

127 07/09/2024

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli mojaro boshlanganidan beri kamida 68 011 rossiyalik harbiy frontda halok bo‘ldi. Ularning 13152 nafari ko‘ngillilardir. Bu ma’lumotlar VVC Rus xizmati va «Mediazona» tomonidan nekrologlar, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar va boshqa ommaviy axborotlar kabi ochiq manbalar asosida to‘plangan.

Ta’kidlanishicha, mojarolar davomida birinchi marta ko‘ngilli o‘lganlar soni boshqa guruhlar, jumladan, mahbuslar (aniqlangan o‘limlar umumiy sonidan 19%) va safarbar qilinganlar (13%) orasida yo‘qotishlardan oshib ketgan.

2023-yil oktyabr oyidan beri ko‘ngillilarning o‘limi har haftada 100 tadan kam bo‘lmadi. Ba’zi haftalarda halok bo‘lganlar soni 310 nafardan oshib ketgan. Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan ko‘ngillilarning aksariyati kichik shaharlar va qishloqlar aholisi bo‘lib, u yerda munosib ish haqi bo‘lgan barqaror ish topish qiyin.

265 xorijlik ko‘ngilli halok bo‘lgan. Ularning 51 nafari Tojikiston, 47 nafar O‘zbekiston va 26 nafar Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan. Jurnalistlarga ko‘ra, migratsiya muammolaridan rasmiylar ko‘pincha xorijliklarga bosim o‘tkazish, ularga harbiy harakatlarda qatnashish evaziga Rossiya fuqaroligini va’da qilish uchun foydalaniladi.

Muhojirlarni urushga jalb qilish

2022-yildan beri Rossiya Ukraina bilan mojaroda qatnashish uchun muhojirlarni yollashni boshladi. Buning evaziga ularga pul mukofotlari va fuqarolikni soddalashtirilgan tarzda qabul qilish taklif qilindi. Ishga qabul qilinganlar orasida nafaqat erkaklar, balki oshpaz va hamshira bo‘lib ishga qabul qilingan ayollar ham bor edi. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning so‘zlariga ko‘ra, 10 mingga yaqin muhojir “maxsus harbiy operatsiya”ga jo‘natilgan.

“Verstka” nashri, shuningdek, 2023-yil iyulidan 2024-yil avgustigacha Moskvadan 26 mingdan ortiq kishi frontga jo‘natilgani, ularning orasida O‘zbekiston, Tojikiston, shuningdek, Xitoy, Serbiya va Misr kabi boshqa davlatlar fuqarolari borligi haqida xabar bergan.

Rossiya Mudofaa vazirligi urush qurbonlari haqidagi rasmiy raqamlarni oshkor etmaydi, oxirgi marta 2022-yil sentyabrida 5937 kishi halok bo‘lganini e’lon qilgan edi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya