Maqola

341 20/10/2025

Toshkent viloyati sudi 1981 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosini Rossiya qurolli kuchlari safiga yollanib, Ukrainadagi urushda ishtirok etgani uchun aybdor deb topdi. Sud qaroriga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi («Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish») bo‘yicha 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxs 2023-yil sentyabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali Rossiyaga ishlash uchun jo‘nab ketgan. U rasman ishga joylashtirilgan bo‘lsa-da, ishlamasdan moddiy manfaat evaziga Rossiya qurolli kuchlari safiga yollanib, Ukrainadagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan.

Sud jarayonida u o‘z aybini qisman tan olgan va polisiya xodimlari aldov yo‘li bilan uni shartnoma imzolatib, Ukrainaga urushga yuborishganini aytgan. Shuningdek, u mehribonlik uyida o‘sgani, avval sudlanmagani va oilada yagona boquvchi ekanini ma’lum qilib suddan qarorni o‘zgartirishni so‘ragan.

Biroq sud hay’ati uning shikoyatini rad etdi va avvalgi qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi. Sud urushda ishtirok etish jinoyatini og‘ir deb baholab, uning qilmishi jinoyat tarkibiga to‘liq to‘g‘ri kelishi haqida qaror chiqardi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, mahkumning qilmishi guvohlar ko‘rsatmalari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomalari, ekspert-kriminalistik ma’lumotlar hamda suratlar va ashyoviy dalillar isbotlangan.

Sud tomonidan aybdorning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani va oilaviy sharoiti og‘irligini inobatga olgan holda, unga umumiy tartibdagi koloniyada jazo o‘tash belgilandi.

Kassatsiya sudi ham ilgari chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi. Sud qarorini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taftish tartibida shikoyat qilish mumkin.

 

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya