11-sentyabr kuni Ukrainaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenko jurnalistlar bilan o‘tkazilgan brifingda Migrant.uz muxbirining Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilgan o‘zbekistonliklar haqidagi savoliga ham javob berdi:
-Bu juda muhim va jiddiy savol. Tayyorgarlik jarayonida o‘zbek OAVdagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqdim. Men bir nashrda, u sizniki bo‘lishi mumkin (Migrant.uz saytini nazarda tutdi – tahririyat), amaldagi qonunchilikni buzgan, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi JKning 154-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan fuqaro jazolangani haqida o‘qidim. Bunday jinoyat 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘ladi (154-modda: Yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi – tahririyat).
Yollash 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (Yollanma shaxsni yollash, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta’minot berish, xuddi shuningdek undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish — yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.- tahririyat)
Saytingizdagi xabarni o‘qidim. Javobgarlikka tortilganlarga 5-10 yil emas, 1 yil, 2 yarim yil yoki jarima jazolari berilgan. Adashmayotgan bo‘lsam, yollangan yana 47 nafar shaxs ishi Jinoiy sudda ko‘rilmoqda.
Afsuski, Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari bilan harbiy shartnoma imzolagan O‘zbekiston fuqarolari haqida maxsus xizmatlarimizdan ma’lumotlar olyapmiz. Ular Rossiya fuqaroligi va’dasi evaziga shartnoma imzolayapti. Rossiya fuqaroligi beriladimi-yo‘qmi, bilmayman. Lekin siz o‘ldirilgan, (ularning sonini ayta olmayman), O‘zbekistonga qaytarilganlarni yaxshi bilasiz, ming afsuski.
Biz bir necha bor Tashqi ishlar vazirligiga fuqarolarni bunday aksiyalarda ishtirok etmaslik to‘g‘risida ommaviy ravishda ogohlantirish berish haqida murojaat qildik.
Bu masalani O‘zbekiston muftiysi bilan uchrashuvda ham ko‘tardim. Uning aytishicha, urushga yollanish o‘zini o‘ldirishga tenglashtirilgani haqida fatvo chiqarilgan. Biz bu ma’lumotni ulamolar orqali o‘zbek jamiyatiga yetib borishini so‘rardik.