
Moskva viloyatida 10 yoshli tojikistonlik maktab o‘quvchisi Qobiljon Aliyevning o‘ldirilishi Rossiyada yillar davomida kuzatilayotgan nafrat jinoyatlari zanjiridagi navbatdagi fojiali holat bo‘ldi. Bola kunduzi, maktabda o‘ldirilgan. Gumonlanuvchi — 15 yoshli Rossiya fuqarosi. Tergov organlari jinoyat sababini millatchilik bilan bog‘lamoqda.
Bu qotillik yana bir bor jamiyatni yigirma yildan ortiq vaqtdan beri qiynab kelayotgan savolni o‘rtaga qo‘ydi: nega migrantlar va ularning farzandlari Rossiyada o‘ldirilmoqda? Nima sababdan bunday jinoyatlar ko‘pincha nafrat jinoyati sifatida to‘g‘ri baholanmayapti?
Bolalar — eng himoyasiz qurbonlar
Qobiljon Aliyev Rossiyada o‘ldirilgan yagona bola emas. So‘nggi 20–25 yil ichida ommaviy axborot vositalari va inson ҳуқуқlari faollari migrant oilalaridan bo‘lgan bolalarga qarshi sodir etilgan kamida bir nechta shov-shuvli qotilliklarni hujjatlashtirgan.
2003-yilda besh yoshli Nilufar Sangboyeva Sankt-Peterburgdagi Dachnoye temir yo‘l stansiyasida o‘ldirilgan. Neonasistlar qizni temir kastetlar bilan urib, onasining ko‘z o‘ngida o‘nlab marta pichoqlashgan. Bu etnik nafrat sabab tojikistonlik bolaning o‘ldirilishi ommaviy tarzda hujjatlashtirilgan ilk holatlardan biri edi.
Bir necha oy o‘tgach, 2004-yil fevral oyida Sankt-Peterburgda to‘qqiz yoshli Xurshida Sultonova o‘ldirildi. Tojikistonlik oilaga hujum qilgan millatchilar “Rossiyadan chiqib ketinglar!” deb baqirib, qizga 11 marta pichoq urishgan. Jinoyatda aniq millatchilik alomatlari bo‘lganiga qaramay, aybdorlar dastlab faqat bezorilikda ayblanib, nisbatan yengil jazoga tortilgan.
2018-yilda besh yoshli Huvaydo Tillozoda Moskva viloyatida zo‘rlangan va o‘ldirilgan. Sud jarayoni qariyb besh yil davom etdi va faqat 2023-yilda qotil umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
2015-yilda Sankt-Peterburgda besh oylik Umarali Nazarovning vafoti onasi migratsiya reydi vaqtida ushlanganidan keyin keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Bola kasalxonada noma’lum sharoitlarda vafot etdi. Hech kim javobgarlikka tortilmadi, ona esa Rossiyadan deportatsiya qilindi.
2022-yilda Yekaterinburgda Rossiya fuqarolari vasiyligida bo‘lgan tojik oilasining besh yoshli farzandi Daler Bobiyev o‘ldirildi. Bola uzoq vaqt davomida qiynoqlarga solingan, jasadi esa olti oy yashirilgan. Ushbu ish bo‘yicha chiqarilgan hukmlar inson huquqlari faollari orasida savollarni keltirib chiqardi.
2025-yil aprel oyida Moskva viloyatida qirg‘izistonlik 10 yoshli bola o‘ldirildi. Qotil o‘smir neonasist Telegram-kanallarga a’zo bo‘lgan ва hujumni “migrantlarga qarshi aksiya” sifatida rejalashtirgan.
Faqat bolalar emas
Voyaga yetgan migrantlar ham Rossiyada millatchilik zo‘ravonligi qurboniga aylanmoqda. SOVA Center ва Human Rights Watch ma’lumotlariga ko‘ra, 2000–2018-yillar oralig‘ida Rossiyada millatchilik asosida sodir etilgan 500 dan ortiq qotillik qayd etilgan. Qurbonlarning katta qismi Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan bo‘lgan.
2000-yillarning boshlarida Volgograd va Moskvada “osiyolik qiyofa”ga ega odamlarga skinxedlar tomonidan hujumlar keng tarqalgan edi. 2005-yilda Moskvadagi Chongarskiy xiyobonida millatchilar ikki kishini shafqatsizlarcha o‘ldirishgan.
Uyushgan millatchi guruhlar jinoyatlari ayniqsa vahshiyona tus oldi. “Rossiya millatchilarining jangovar birodarligi” (БОРН) guruhi 2008–2011-yillar oralig‘ida Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarni o‘ldirgan, jumladan, tojikistonlik ishchining boshini kesib, qo‘rqitish maqsadida fotosuratlarini tarqatgan. Guruh yetakchilari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Migrantofobiya va jazosizlik
Mutaxassislar bu jinoyatlar tasodifiy emas, degan fikrda. Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Shuhrat Latifiyning aytishicha, Rossiyaning siyosiy, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarida migrantlarga qarshi kayfiyatning kuchayishi o‘smirlarning radikallashuvi hamda zo‘ravonlikning ortishiga olib kelmoqda.
“Qobiljon o‘ldirilganidan keyin yuzlab internet foydalanuvchilari jinoyatni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Bu muammoning qanchalik chuqur ekanini ko‘rsatadi. Ba’zi yoshlar allaqachon millatchilik mafkurasi ta’siriga tushib qolgan”, — deydi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, etnik nafratga qarshi kurash davlat darajasida hali ustuvor vazifa sifatida tan olinmagan. Ekstremizmga qarshi qonunlar mavjud bo‘lsa-da, ular ko‘pincha tanlab qo‘llaniladi. Ko‘plab jinoyatlarning bezorilik sifatida qayta tasniflanishi jazosizlik hissini kuchaytiradi.
Javobsiz savol
Nilufar va Xurshidadan tortib Qobiljon va qirg‘iz bolagacha — bu ro‘yxat o‘nlab yillar davomida kengayib bormoqda. Har bir yangi fojia qisqa muddatli norozilikni keltirib chiqaradi, biroq tizimli xulosalarga olib kelmaydi.
Nafrat asosidagi zo‘ravonlik o‘z nomi bilan atalmaguncha ва ksenofobiya jiddiy tahdid sifatida tan olinmaguncha, bu fojiali ro‘yxatga yana yangi nomlar qo‘shilishi mumkin.