Maqola

198 08/09/2024

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev migrantlarga Rossiyaga oilalarini olib kelishni taqiqlashni va “migrantlar bolalarini rus tilini o‘rganishga majburlashni” taklif qildi. U bu haqda TASSga bergan intervyusida aytdi.

“Menimcha, maktablar, migrantlar oilalari, anklavlarga nisbatan nima qilish kerak, men buni yoqlayman. Albatta, biz u yerdagi ba’zi tendensiyalarni yenga olmaymiz, lekin nima qilish mumkin: agar odam mavsumiy ishga kelsa – nega u o‘z oilasini bu yerga sudrab kelayapti?” – deydi Medvedev.

Bundan tashqari, Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarning bolalari rus tilini o‘rganishga majburlanishi kerak, ammo maktablar buni asta-sekin va “kamsitmasdan” qilishlari lozim.

“Bola kelganda, ba’zi sinflarda uch to‘rtdan bir qism bola, birinchi sinf o‘quvchilari rus tilida gaplasha olmasa, bu mumkin emas. Ularni asta-sekin o‘rganishga majburlash kerak. Kim o‘rganmasa – qo‘yib yubormaslik kerak”, – deydi Medvedev.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida «ЛДПР» partiyasining bir guruh deputatlar partiya rahbari Leonid Slutskiy boshchiligida mehnat migrantlarining Rossiyaga o‘z oilalarini olib kelish huquqini cheklovchi qonun loyihasini Davlat Dumasiga kiritishgan edi.

O‘sha paytda past malakali mutaxassislar haqida gap borgan, ular faqat mehnat shartnomasi yoki patent asosida Rossiyada bo‘lib, Rossiyada yashash uchun patentdan boshqa qonuniy asoslarga ega bo‘lmasa, masalan, Rossiya Federatsiyasi fuqaroligiga ega bo‘lmasa, cheklash taklif qilingan.

Yuqori malakali xodimlar va ularning oilalariga bu cheklov tegishli emas, deb ta’kidlanga edi.

Undan ham avval esa Davlat Dumasining «КПРФ» partiyasidan deputati, Mixail Matveyev, migrantlarning oilasi bilan Rossiyaga kelishini taqiqlash tashabbusi bilan chiqqan edi.

“Bir ishlaydigan kishiga ishlamaydigan besh-yetti kishi keladi, lekin ular Rossiya davlatining ijtimoiy ta’minoti – bepul maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish xarajatlariga muhtoj”, – degan edi Matveyev.

Rossiya siyosatchilarining ritorikasi hamisha fan va arifmetikaga qarshi. Zero, gumanitar fan tadqiqotlari migrantlarni oilasidan ajralishi haqiqiy muammo ekanligini aytadi.

Umuman olganda, migrantlarni oilalaridan ajralish muammosi inson huquqlarining jiddiy buzilishi bo‘lib, bolalarga jarohat yetkazib, oilaviy rishtalarni buzadi, migrantning qabul qiluvchi jamiyat bilan ijtimoiy munosabatlarini yomonlashtiradi.

Lekin, Rossiya siyosatchilarini fan hech qachon qiziqtirmagan. Bundan tashqari, raqamlar ham rus amaldorlarining ritorikasiga qarshi. Chunki kasalxonalar, maktablar va bolalar bog‘chalari migrantlar uchun hech qachon to‘liq bepul bo‘lmagan. Rossiya jamiyati migrantlar tufayli ijtimoiy yuk tagida hech qachon qolib ketmagan. Sababi oddiy – Rossiya Yevropa emas. Rossiyada migrantlar oilalari uchun ko‘tarma pul yoki boshqa pul to‘lovlari hech qachon mavjud bo‘lmagan. Lekin, shafqatsiz haqiqat amaldorlarni tashvishlantiradimi? Populizm rus siyosatchilari uchun haqiqatdan muhimroq.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya