Maqola

474 02/07/2026

Namangan viloyat sudi Rossiya–Ukraina urushida yollanma jangchi sifatida qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan fuqaroni aybli deb topib, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Tergov materiallariga ko‘ra, D.T. 2023-yil dekabrida ishlash maqsadida Rossiyaning Krasnoyarsk shahriga ketib, u yerda «Yandeks taksi»da haydovchilik qilgan. Keyinchalik turmush o‘rtog‘i va farzandlarini ham o‘z oldiga olib ketgan.

Sudda ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil bahorida uning avtomashinasidagi yo‘lovchidan giyohvandlik moddasi topilganidan keyin politsiya D.T.ni qo‘lga olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari jinoiy javobgarlikdan qutulish, oilasiga Rossiyada yashash imkoniyatini berish va keyinchalik Rossiya fuqaroligini rasmiylashtirish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzishni taklif qilgan.

Shundan so‘ng D.T. Rossiya fuqaroligini qabul qilib, 2025-yil iyun oyida Rossiya Mudofaa vazirligining harbiy qismi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Unga harbiy jeton va harbiy guvohnoma berilgan. Avval Novosibirsk, keyin Rostov-Don shahrida qisqa muddatli tayyorgarlikdan o‘tgan. Keyin Donesk viloyatida avtomatdan o‘q otish, granata otish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etgan.

Hujjatlarga ko‘ra, 2025-yil iyul oyida u front chizig‘iga yuborilgan. Ikki kun o‘tgach, frontga yo‘l olayotganda motosikl minaga tushib ketishi oqibatida og‘ir jarohat olgan. Avvaliga Rostov-Dondagi harbiy gospitalda, keyin esa Stavropoldagi harbiy shifoxonada davolangan.

Davolanishdan keyin ta’tilga chiqqan D.T. O‘zbekistonga qaytish yo‘lini izlay boshlagan. U Rossiya pasporti bilan o‘g‘lini olib Qirg‘izistonning O‘sh shahriga uchgan, u yerdan esa O‘zbekiston pasporti orqali mamlakatga kirib kelgan. Sudda aytishicha, Rossiya armiyasi bilan shartnoma davomida unga jami 1 million 56 ming rubl to‘langan.

Tergov davomida undan Rossiya fuqarolik pasporti, harbiy bilet, harbiy gospitallar tomonidan berilgan tibbiy hujjatlar va boshqa rasmiy hujjatlar olingan. Sudda D.T. aybini to‘liq tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini, urushga oilasini saqlab qolish va qamoqqa tushmaslik uchun borishga majbur bo‘lganini aytgan hamda yengillik so‘ragan.

Sud uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi — yollanma askarlik uchun aybli deb topdi. Ayni paytda sud tergov tomonidan qo‘yilgan chet davlat harbiy xizmatiga kirish haqidagi qo‘shimcha ayblovni asossiz deb hisoblab, uni chiqarib tashladi. Yakunda D.T.ga 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u sud zalidan qamoqqa olindi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya