Maqola

883 21/07/2025

Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 26 yoshli Bekzod Qudratov Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safida ishtirok etgani uchun O‘zbekistonda sudlandi.

Qudratov 2019-yil Rossiyaga ish izlab borgan, ammo 2022-yilda Vladimir viloyati sudi tomonidan unga narkotik moddalar tarqatish ayblovi bilan 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

2022-yilning sentyabrida u Rossiyadagi qamoqxonada jazo o‘tayotgan paytida «Vagner» harbiy guruhi rahbari Yevgeniy Prigojinning taklifiga binoan urushda ishtirok etish shartnomasini imzolagan. Buning evaziga unga erkinlik, oylik maosh va Rossiya fuqaroligi va’da qilingan.

Qudratov 2022-yil sentyabridan 2023-yil fevraligacha Donesk viloyatidagi harbiy harakatlarda qatnashgan, jarohatlanib, gospitalda davolangan va keyin artilleriya bo‘limiga o‘tkazilgan. Shartnoma tugagach, u O‘zbekistonga qaytib kelgan.

2023-yil 10-noyabrda u o‘z ixtiyori bilan DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga borib, qilgan ishlarini tan olgan va pushaymonligini bildirgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi («Yollanma faoliyatda ishtirok etish») va 223-moddasi 2-qismi («Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish») asosida ayblov qo‘yilgan.

Sud 223-modda bo‘yicha uni oqladi. Chunki u mamlakatni biometrik pasport bilan tark etgan va chegarani noqonuniy kesib o‘tmagan. Ammo 154-modda bo‘yicha aybi isbotlanib, unga 3 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud Qudratovning aybini tan olgani, pushaymonligi va ilgari sudlanmaganini e’tiborga oldi, biroq urushda ishtirok etishi jiddiy jinoiy harakat sifatida baholandi.

Sud kassatsiya tartibida Qudratovning 223-modda bo‘yicha oqlanishini ma’qulladi, lekin ozodlikdan mahrum etish jazosini yengillatish haqidagi shikoyatini to‘liq rad etdi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya