Maqola

245 28/06/2026

Ukrainadagi keng ko‘lamli urush nafaqat ikki davlat, balki tirikchilik ilinjida Rossiyaga borgan minglab Markaziy Osiyolik migrantlar hayotiga ham fojia olib kelmoqda. Urushga yollashning turli uslublaridan foydalanayotgan Rossiya tomoni minglagan odamlarning o‘limi, nogiron bo‘lib qolishi yoki asirga tushishiga sabab bo‘lmoqda, afsuski.

Begona urushning «arzon» askarlari gohi pul va fuqarolik ilinjida, gohida majburlovlar sabab “ajal pologonlari”ga ketmoqda.

Shaman TV medialoyihasining navbatdagi qahramoni ham Jizzax viloyatidan. 26 yoshli Ahmad maktabni bitirib, Rossiyaga boradi. Qurilish ishlarida ishlab, oilasiga yordam berib keladi. Moskvadagi Saxarovo migratsiya markazi orqali urushga jalb qilingan va keyinchalik asirga tushgan…

Saxarovo — Simferopol — Xerson: Qullik va urush yo‘li
Moskva ko‘chalaridan birida ketayotganida politsiyachi bir ayolni to‘xtatib, uni so‘roq-savol qilayotganiga ko‘zi tushadi va muammoni hal qilishga yordam bermoqchi bo‘ladi. Biroq politsiya bilan suhbat o‘zaro janjalga aylanadi. Politsiyachi uni haqorat qiladi, xatto musht tushiradi. O‘zbekistonlik ham unga javob qaytaradi. Oqibatda politsiyachilar muhojirni qamab qo‘yishadi va bu qilmishi uchun 5 yilga qamalishi haqida aytishadi. Suhbat chog‘ida unga Saxarovo markazi xodimlari Rossiya armiyasi tarkibida shartnoma tuzish orqali pul ishlash, fuqarolik olish va tezda jazodan qutulish imkoni borligini aytishadi. 5 yillik qamoqdan qo‘rqib, shartnoma tuzish taklifini qabul qiladi.

U nomiga harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilib, Moskvadagi Saxarovo markazidan Simferopol shahriga, u yerdan esa Xerson viloyatidagi jang maydoniga yuborilgan.

Uning ta’kidlashicha, bu jarayon shunchaki tasodif emas, balki «tizimli verbovka» (yollash) bo‘lib, odamlarni hujjatlar, pul yoki jinoiy jazodan ozod qilish va’dalari bilan urushga tortishmoqda.

Jang maydonidagi reallik
Asirga tushgan o‘zbekistonlik front chizig‘idagi vaziyat va ta’minotning ayanchli holatda ekanini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar ko‘pincha hech qanday himoyasiz, ochiq maydonlardagi piyoda qo‘shinlar (pexota) safida jangga tashlanadi.

“Bizda hatto qurol yo‘q edi. Kuniga 700-800 askar o‘ladi”, deydi u.
Shuningdek, urushga ketish qarorini hayotidagi eng katta xato deb aytadi va boshqa vatandoshlariga murojaat qilib, bu urush ularga tegishli emasligini, u yerda hech kim ularni kutmayotganini ta’kidlaydi

Raqamlar ortidagi fojia
«Ukraina Markaziy Osiyo» Telegram-kanali va «Yashashni xohlayman» (“Xochu jit”) davlat loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 5000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. Shuningdek, yana 500-700 nafarga yaqin Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari shu kabi og‘ir vaziyatlarda ekani aytilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Ukraina zaminidagi jizzaxlik asirning taqdiri katta va’dalar bilan aldanib, begona yurt manfaatlari uchun qurbon qilinayotgan yuzlab migrantlarning umumiy qiyofasidir.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya