
Andijon viloyati Marhamat tuman sudi 26 yoshli Komiljonni (ismi o‘zgartirilgan) xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etganlikda aybli deb topib, ozodlikdan mahrum qildi.
Ish materiallariga ko‘ra, 2000-yilda tug‘ilgan Komiljon Rossiyaga ishlash maqsadida ketgan va bir necha yil davomida u yerda mehnat qilgan. Ammo 2022-yilda uning hayotida yoqimsiz voqea sodir bo‘ldi.
Moskvada otasi bilan birga ishlab yurgan vaqtda rossiyalik fuqaro bilan janjallashib qolgan. Natijada politsiya ularni vaqtinchalik hibsga olgan. Aynan shu yerda unga yo qamoq, yoki harbiy shartnomaga imzo chekish tanlovi qo‘yildi.
Sudlanuvchining o‘zi aytishicha, u aynan shu bosim ostida qaror qabul qilgan. Qamalmaslik uchun u Rossiya qurolli kuchlari bilan 3 oylik shartnoma imzolab, urushga borishga majbur bo‘lgan.
Shundan so‘ng Komiljon Lugansk hududiga yuborilgan. U yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan. U sudda jangchi emas, balki oshpaz sifatida faoliyat yuritganini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, u qurol ishlatmagan, balki harbiylar uchun ovqat tayyorlash bilan shug‘ullangan. Shartnoma muddati tugagach, u yana Moskvaga qaytib, oddiy ishini davom ettirgan.
2025-yilda u hujjat masalalari sabab Qozog‘istonga kelganida qo‘lga olingan. Sud jarayonida u o‘z aybini tan olgan va qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan.
Sud ayblanuvchining harakatlarini yollanma tarzda xorijiy harbiy harakatlarda ishtirok etish deb baholadi. Shu bilan birga, uning qilmishini yengillashtiruvchi holatlar ham inobatga olindi — u avval sudlanmagan, aybiga iqror bo‘lgan va ma’lum darajada majburiy holatda qaror qabul qilgan.
Shu jihatlar hisobga olingan holda sud unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘taladi.
Xorijda yurgan fuqarolar turli bosim va vaziyatlar ta’sirida o‘ziga kelajakda xavf tug‘diradigan qarorlar qabul qilishi mumkin. Ammo bunday qarorlar, hatto majburiy holatda qabul qilingan bo‘lsa ham, qonun oldida javobgarlikdan ozod qilmaydi.