
Bugungi kunda Ukrainadagi harbiy asirlar lagerlarida yuzlab markaziy osiyoliklar, xususan, o‘zbekistonliklar tutqunlikda saqlanmoqda. Ulardan biri Chirchiq shahrida tug‘ilgan, so‘nggi yillarda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida istiqomat qilgan 41 yoshli muhojir G‘ulomjon Azizovdir. Yigirma yil Rossiyada mehnat qilgan G‘ulomjon o‘z ishining ustasi sifatida yaxshi daromad qilgan: shaxsiy dala hovlisi, ikkita yengil avtomobili va yuk tashuvchi «Gazel» mashinasi bo‘lgan. Biroq 20 yil davomida Rossiya fuqaroligini olish “orzu”si va hujjat bilan bog‘liq muammolar uni qaltis qadam tashlashga majbur qildi. 2024-yilning oktyabr oyida u bir yillik harbiy kontrakt imzolaydi. Unga bir yillik xizmat evaziga Rossiya fuqaroligi, uy-joy va oilasi uchun ijtimoiy imtiyozlar va’da qilingan. G‘ulomjonning asosiy maqsadi – farzandlarining ta’limini moliyalashtirish bo‘lgan.
Xullas, shartnomaga qo‘l qo‘ygan G‘ulomjon bo‘lgan 6 kishilik guruhning 4 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan. Ilk jangovar topshiriqning o‘zidayoq guruh ikki kishini yo‘qotgan, uch kishi yaralangan. U bilan birga oson pul istab kelgan bojasi ham halok bo‘lgan. 2025-yil 18-yanvar kuni G‘ulomjon Azizov Ukraina kuchlari tomonidan asirga olingan. Jang vaqtida u qo‘llaridan kuyish jarohatini olgan. Hozirda u bir yildan ortiq vaqt davomida asirlikda qolmoqda. G‘ulomjon ota-onasidan urushda ekanini yashirgan va ularga «chekka hududdagi qurilishda» ishlayotganini aytib kelgan.
G‘ulomjon bir yildan ziyod vaqtdan beri tutqunlikda. Shunday bo‘lsa-da, u o‘z so‘zlarida: «Men hech narsadan afsuslanmayman», — deb aytadi. Bir qarashda, bu gap irodali inson so‘zidek tuyulishi mumkin. Lekin holatga xolis qaralsa, bu fikr to‘g‘ri emas.
Avvalo, u bo‘lgan voqealarni “taqdirdan” deb qabul qilmoqda. Ammo har bir qarorni insonning o‘zi qabul qiladi, unga iroda berilgan. Urushga borish — bu tasodif emas, balki ongli tanlov. Shuning uchun buni faqat “peshonadan” deb izohlash mas’uliyatdan qochishga o‘xshaydi.
U o‘z xatti-harakati sabab qilib oilasining ehtiyojlari, farzandlar kelajagini ko‘rsatgan. Shuningdek, u bu ishni gunoh emas deb hisoblaydi. G‘ulomjon tirik qolganidan xursand. Albatta, bu tabiiy. Lekin shu bilan birga, uning atrofidagi odamlar halok bo‘lgan, nogiron bo‘lib qaytgan. Bu esa u qabul qilingan qaror qanchalik xavfli bo‘lganini ko‘rsatadi.
Asirlikda bo‘lsa-da, kelajakda ozod bo‘lgach Rossiyadan pasport talab qilishini aytmoqda. U o‘zini “shartnomani bajardim” deb hisoblaydi.
G‘ulomjon Azizovning boshiga tushgan voqea-hodisalar boshqa muhojirlar uchun saboq bo‘lishi lozim. Chunki shaxs noo‘rin bosilgan qadami oqibatida erkinligini yo‘qotdi, hayoti xavf ostida qoldi hamda oilasidan uzoqlashdi.
G‘ulomjon kabi oxirini o‘ylamay urushga ketganlar, ketayotganlar juda ko‘p. Shu o‘rnida chet elga ishga ketayotgan hamyurtlarimizga “ko‘zingizni kattaroq oching, birovlarning manfaati uchun o‘zingizni halokatga otmang”, deymiz. Zero, hayot bir marta beriladi va uni osoyishta, ota-ona hamda yaqinlar bilan o‘tkazish a’loroqdir.