Maqola

293 20/08/2024

Sheremetyevo aeroportida o‘zbekistonliklarning Rossiyaga kiritilmaslik holatlari davom etmoqda. Migrant.uz muxbiri 19 avgust kuni Samarqanddan Moskvaga Aeroflot aviakompaniyasida uchib kelgan Shohimardon Magometov bilan suhbatlashdi. Umrida birinchi marta O‘zbekistondan xorijga chiqqan Shohimardon, ishxonasi yuborayotgani uchun Rossiyaga kelishida muammoga uchrashini tasavvur ham qilmaganini aytadi.

– Men birinchi marta O‘zbekistondan tashqariga chiqishim. O‘zbekistonda ishim zo‘r. Rossiyaga ishlash maqsadida kelayotganim yo‘q edi. O‘zbekistondagi ishxonamdan xizmat safariga yuborishdi. Ishxonaga vakuum quritgichlar bo‘yicha mutaxassisman. Vakuum “sushilka”larni ko‘rib, tanlab, ishxonaga ma’lumotlarni berishim kerak edi. Xizmat safari uzog‘i bir oy davom etishi rejalashtirilgandi. Agar bo‘sh vaqt qolsa aylanishni maqsad qilgandim, deydi Shohimardon.

Biroq, tong saharda Shermetyevoga qo‘ngan Shohimardon aeroportda chegarachi bilan yuzlashgach, Rossiyaga kelishdan maqsadini “mehmonga keldim”, deb tushuntiradi. Chegarachi Shohimardondan pasport, biletini so‘raydi. Pasportga uzoq tikilib, boshqa hujjatlarni ham talab qilindi, deydi suhbatdoshimiz.

– Pasportim bilan biletni berganimdan keyin, uzoqroq tikilib, yana hujjating bormi, dedi. Yonimda haydovchilik guvohnomasi va “yashil pasportim” bor edi. Ularni berdim. “Komandirovka” hujjatim uyda qolib ketganiga ko‘rsata olmadim. Shuning uchun o‘zim xizmat safari bilan kelganimni tushuntirishni boshladim. Rus tilini mukammal bilmayman. Lekin fikrimni tushuntira olaman. Shuning uchun noto‘g‘ri tushuntirmadim deb o‘ylayman. Bir oyga kelganimni, aylanmoqchiligimni, qaytib ketishimni aytdim. Lekin chegarachi pasportga uzoq tikilib turdida, keyin pasport tekshiruvidan o‘tish kerak, deb yo‘lovchi qatoridan chiqishimni so‘radi.

“Opros” degan tarafda, 10-kabinetga bordim. U yerda 3-4 xodim o‘zbekistonliklarni so‘roq qilayapti. “Sheremetyevo”da Rossiyaga kiritilmayotganlar asosan o‘zbekistonliklar. Orasida bir-ikki nafar tojikistonlik va qirg‘izistonliklar uchrab qoladi. Lekin qolgan hamma o‘zimizning hamyurtlar. Mana shu “opros” xonasida itga qanday munosabat qilishsa, undan ham battar yomon muomala qilishdi. Aynan o‘zbekistonliklarga shunday munosabat kuzatilayapti.

Pasport tekshiruvini 10 soat kutgan Shohimardon “opros” degan xonada uning telefoni titkilanganini, oilasi, shaxsiy suratlari, ma’lumotlari ruxsatsiz tekshirilganini aytadi. Savol-javob ham Shohimardon qolib, uning oila a’zolari haqida bo‘lgani hamyurtimizni taajjubga solgan.

– So‘lagimni olishdi, barmoq izlari topshirdik. Bo‘yimni o‘lchashdi. Yana o‘zim qolib, oilam va oilamdagi ayollar haqida so‘rashni boshladi. Onang, opang qayerda ishlaydi, nima ish qiladi deb so‘raganini umuman tushunmadim. Agar men Rossiyaga kiritilmagan bo‘lsa ularning bu yerda nima aloqasi bor? Galereyada ayrim suratlarni rasmga oldi. Nimani rasmga olganini bilmayman. Balki xotinimni rasmga olgandir, buni qayerdan bilaman? Nima haqqi bor shaxsiy rasmlarimni olishga? Qanday pul topasan, nimaga kelayapsan, nimaga ketayapsan, qancha puling bor, degan savollardan tashqari cho‘ntagimdagi pullarni chiqarishga, kartadagi pullarimni ko‘rsatishga majbur qildi. O‘zimni hech qachon bunday yomon his qilmagan edim. Ustimizdan kulishmoqda, odam o‘rnida ko‘rishmayapti, deb kuyinadi Shohimardon Magometov.

Birinchi marta xorijga chiqib, turist sifatida bunday munosabatga uchrashini tasavvur qilmagan suhbatdoshimiz, tekshiruvdan so‘ng chiqib, birinchi o‘rinda Moskvadagi konsullikka telefon qilishni boshlaydi. Uning maqsadi tahqir, noqonuniy tekshiruvlar borasida davlatdan yordam olish bo‘lgan.

– Konsulstvoga telefon qildim, navbatingiz 50 minutda keladi, deb vaqtni aytib turarkan. 50 daqiqa erinmay kutdim. Navbatim kelmadi. Umuman telefon qilib tusha olmadim. Ishonmaysiz, juda yomon holatga tushdim. Shu paytda insondek qadrimiz yo‘qligin, hech kimga keragimiz yo‘qligi, bu yerda qiynalayotgan xalq bilan elchixonaning ishi yo‘qligini tushundim.
Aeroportda ayni vaqtda 24 soatdan ortiq qolayotgan Shohimardon Qo‘qon o‘g‘li ma’lumot va tushuntirish berilmasligi, yemak va zaruriy ehtiyojlar ta’minoati bilan muammo borligini aytadi.

– Bu yerda bugunning erta tongigacha qolib ketdik. Ovqat yo‘q. Sovuq. Stollarning ustida uxlashga to‘g‘ri keldi. Qorin ochgani uchun bankomatdan doshirak sotib olib, sovuqroq suvga solib, tayyorlab yedik. O‘zimizning pulimizga ham biror narsa sotib olishga ruxsat berishmadi. Chunki sotib olish uchun pastga tushish kerak, pastga tushirmay bir joyda olib o‘tirdi. Nima uchun o‘zi kiritmadingiz, deb so‘rasam xodimlar qo‘pol muomala qilib “za vsyo” deyapti. Kim boshliq desam, aytishmadi. Men jinoyat qilmagan bo‘lsam, o‘z yonimda shu davlatda aylanib, aylanib ketish uchun falon pulga biletlarni sotib olib, pul bilan kelayotgan bo‘lsam nega bunday munosabatda bo‘lishadi? Vatanimdan juda xafa bo‘ldim. Ko‘nglim qolib ketdi.

Suhbat davomida yo‘talayotgan hamyurtimiz soppa-sog‘ holatda Rossiyaga kelib, sovuqda qolib ketgani uchun yo‘talishni boshlaganini aytadi. Aeroportda Shohimardondan tashqari yana o‘nlab o‘zbekistonliklar borligi bildirilmoqda. Ular asosan erkaklar. Orasida ayollar yo‘q. Bugun tongdan tezroq ketish uchun chegarachilar o‘zbekistonliklarga o‘z yonlaridan bilet sotib olishni tavsiya qilishni boshlagani aytilmoqda. Aks holda samolyotda bo‘sh joy bo‘lishini bir necha kun kutishga to‘g‘ri kelishi haqida tushuntirilgan.

– Men aeroportni ko‘rish uchun 770 dollarni sarflaganim yo‘q-ku! Pulimni qaytarib berishsin. Samolyot qilib, uyimga qaytarishsin. Vaqtim, umrim o‘tib ketayapti, 24 soat o‘tiribman, hech kim bepul ovqat bergani yo‘q. Meni kutib olishga kelgan do‘stim ham 10 soat meni kutib, bir kunlik maoshidan quruq qoldi. Ertaroq aniq gap aytishganida do‘stim ham sarson bo‘lmasdi. Birinchi marta kelayotgan yosh yigitlarni ham, ikki-uch yil qonuniy ishlab ketgan kishilarni ham kiritmayapti. Telefonlarini tekshirayapti. Hech narsa topolmay, “ugroza bezopasnosti” degan qonun bo‘yicha deport qo‘yib tashlayapti.
O‘zbekistonga qaytish biletlari 4 million so‘mdan boshlanishini ko‘rgan suhbatdoshimiz, bekordan bekorga xalq bunday sarf-xarajatga davlat jim turmasligi kerakligini so‘zlaydi.

– Ishlashga kelgan odamning qaytib ketish uchun yonida puli qayerdan bo‘ladi? O‘zi biletni qarzga olib, kuyib qolishayotgan bo‘lsa. Manimcha bularning barchasi ataydan qilinayapti. Samolyotlarga pul sarflashsin, deb qilishmoqda. Bo‘lmasa nega uchishdan avval aytmaydi shuni? Nega davlatimiz e’tibor bermayapti bunga? Elchixona biletimiz pulini undirib bersin. Deportimizni bekor qilsin, axir noqonuniy-ku bunday qilishlari! Agar bu narsa elchixonaning qo‘lidan kelmasa unda aeroportda sarson bo‘lishimizga jim qarab turmay, bizni tez O‘zbekistonga qaytarsin. Shunda hech qanday e’tiroz bo‘lmaydi, deya yakunlaydi suhbatni Shohimardon.

Ayni vaqtda Sheremetyevo aeroportida 40 nafarga yaqin o‘zbekistonliklar borligi, ularning soni har bir reys bilan ko‘payib borayotgani, biroq shu bilan birga qaytib ketayotgan hamyurtlarimizning soni ham har kuni 20-30 nafarni tashkil qilishi haqida ma’lumotlar bor.

Ayni vaqtda O‘zbekiston elchixonasi aeroportlardagi o‘zbekistonliklarning huquqiy holati va erkinlari bo‘yicha hech qanday rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Rossiyaga kiritilmayotgan o‘zbekistonliklarning sonini kamaytirish, rus aeroportlaridagi sarsonchilik va xarajatlarni yo‘qqa chiqarish bo‘yicha hukumat tomonidan chora-tadbirlar qo‘llanayotgani bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.

O‘z muxbirimiz

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya