Maqola

349 10/07/2026

Shu yilning 7–8-iyul kunlari Qozog‘istonning Olma-Ota shahri mezbonlik qilgan CONNECT FOR PEACE FESTIVAL 2026 anjumani bo‘lib o‘tdi. Internews tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan mediafestivalda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning yetakchi media mutaxassislari ishtirok etdi.

Festivalda OAVning sun’iy intellektdan qanday foydalanayotgani, dezinformatsiyaga qarshi kurashayotgani, algoritmlarga moslashayotgani, yangi moliyalashtirish modellarini izlayotgani hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirayotganiga bag‘ishlangan sessiyalar, muhokamalar va amaliy vorkshoplar o‘tkazildi. Shuningdek, raqamli va axborot xavfsizligi, jurnalistikaning mintaqa va jahondagi kelajagi ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari mustaqil ommaviy axborot vositalarini mustahkamlash, mediasavodxonlikni rivojlantirish va sifatli kontent yaratishga qaratilgan CARAVAN loyihasining natijalarini muhokama qildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo jurnalistlari o‘rtasidagi chegaralararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Loyiha hamkorlari CARAVAN doirasida amalga oshirilgan tashabbuslarni taqdim etib, sifatli jurnalistikani rivojlantirish va fuqarolarning ishonchli axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi amaliy yechimlar bilan o‘rtoqlashdi.

Festivalning birinchi kuni o‘z mamlakatlarida millionlab va yuz minglab tomoshabinlarni jalb qilgan hamda ijtimoiy muammolar yechimiga ta’sir ko‘rsatgan muvaffaqiyatli media loyihalar taqdimoti bilan boshlandi.

«Голоса Каравана: Истории, которые вдохновляют» nomli sessiyada muhim materiallar muallifi bo‘lgan jurnalistlar qaysi mavzularni ko‘targani, auditoriya bilan qanday muloqot qilgani, chekka hududlardagi odamlarga hayotiy muammolarini hal etishda qanday yordam bergani va davlat idoralari e’tiborini qanday jalb qilgani haqida so‘zlab berishdi.

Jumladan, “Vatandosh-Rossiya” (Migrant.uz) sayti bosh muharriri Muslim Mirzajonov ham sessiyada spiker sifatida qatnashib, «Muhojir ayollar hayoti: muammo va yechimlar» nomli loyiha xususida chiqish qildi.

O‘z nutqida u mehnat muhojiri ayollar duch kelayotgan muammolar haqida gapirdi. U oilalarini boqish uchun ish izlayotgan migrant ayollar ta’qib va zo‘ravonlikka duch kelayotganini misollar orqali bayon qildi.

Connect for Peace Festival 2026ning ikkinchi kunida Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mediamenejerlar tahririyatlarning moliyaviy barqarorligi modellarini muhokama qilib, o‘zlarining ijobiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ularning ta’kidlashicha, kreativ yondashuv, o‘ziga xos kontent va yangicha yechimlar biznes hamkorlarni jalb qilish hamda tahririyatlarning barqaror faoliyatini ta’minlashga yordam beradi.

CARAVAN loyihasining ijobiy tajribasiga bag‘ishlangan panel muhokamasida ham mediamenejerlar barqaror moliyaviy manbalarni shakllantirish bo‘yicha o‘zlarining samarali usullari haqida so‘zlab berishdi.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun axborot-servis portali “Vatandosh media” asoschisi Botirjon Shermuhammad auditoriyaning o‘ziga xos ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yaratilayotgan mahsulotlar va xizmatlar, loyihalar monetizatsiyasi borasida sinovdan o‘tgan tajribalar haqida ma’lumot berdi. Uning chiqishi katta qiziqish bilan tinglandi.

Shuningdek, festival doirasida tashkil etilgan sohaga doir master-klasslar qatnashchilarga zamonaviy jurnalistika tendensiyalariga professional nuqtayi nazardan qarash, muhokama qilish va ulardan foydalanish imkonini berdi.

 

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya