Rossiya hukumatining qaroriga ko‘ra, vizali davlatlardan 235 ming malakali xorijiy ishchini jalb qilish uchun kvotalar tasdiqlangan. «РБК» nashri Rossiyada vizali davlatlardan kelgan migrantlarga qancha pul to‘lashga tayyorligini ma’lum qildi. Uzoq xorijdan kelganlarga eng baland oylik 380 ming rublni tashkil etadi.
Eng ko‘p kvotalar Amur viloyatiga ajratilgan (27,1 ming), bu hududda xitoylik biznes faol ishlab keladi. Shuningdek, Moskva viloyatiga (23 ming), Leningrad viloyatiga (22,3 ming), Tataristonga (9,3 ming) kvotalar berilgan, qolgan 78 ming o‘rin esa zaxirada. Bu ma’lumot 9-dekabr kuni Rossiya Mehnat vazirligi tomonidan tasdiqlangan “2025-yilda vizali asosda Rossiyaga keluvchi xorijiy ishchilarni jalb qilish uchun kasb va lavozimlar ro‘yxati” hujjatida keltirilgan.
«РБК» ma’lumotiga ko‘ra, kvotalar orqali asosan Xitoy, Turkiya, Serbiya, Hindiston, Vyetnam va boshqa davlatlardan mutaxassislar jalb qilinadi. Vizalik davlatlardan kelgan migrantlarga taklif qilinayotgan eng yuqori oylik 380 ming rublni tashkil qiladi. 100 ming rubldan yuqori ish haqi taklif qilinayotgan vakansiyalar soni yuzdan sal kamroq. Vizali ishchilar uchun mo‘ljallangan ish joylarining yarmidan ko‘pi 60 ming rubldan past daromadni nazarda tutadi. Shu bilan birga, 20-25 ming rubl maosh taklif etiladigan pozitsiyalar ham mavjud.