
Vladimirda ikki mahalliy aholi ekstremistik guruh tuzish va terroristik hujumni rejalashtirishda ayblanib, qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda RIA Novosti mintaqaviy FSB manbasiga tayanib.
Vladimir garnizonining harbiy sudi ikkala erkakni ham sudgacha hibsda saqlashni buyurdi. Tergovchilar ularning terroristik va ekstremistik maqsadlarga ega uyushgan jinoiy guruhda ishtirok etganini aytmoqda.
Tergov shuni ko‘rsatdiki, ulardan biri, 1993-yilda tug‘ilgan Vladimir shahrida yashovchi fuqaro, migratsiya siyosatidan norozilik tufayli guruhni tuzgan. U fikrdosh shaxslar bilan muloqot qilish va ularning harakatlarini muvofiqlashtirish uchun maxsus Telegram chatini ochgan. Shuningdek, u o‘z guruhining belgisini yaratib, radikal ruhdagi varaqalar chiqargan. Ushbu materiallar orasida Shimoliy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan odamlarga nisbatan zo‘ravonlik va nafratga chaqiriqlar bo‘lgan.
Bundan tashqari, qo‘lga olingan shaxs Vladimirdagi kafelar va boshqa muassasalar gavjum bo‘lishi kutilgan paytda ularni yoqib yuborish rejasini ishlab chiqqan. FSB ma’lumotlariga ko‘ra, u sheriklariga Molotov kokteyli tayyorlash va ulardan foydalanishni o‘rgatgan.
Yaxshiyamki, ular bu jinoyatlarni sodir etishga ulgurmay, o‘z vaqtida qo‘lga olindi.
Endi Rossiya Tergov qo‘mitasining Vladimir garnizoni bo‘yicha harbiy tergov boshqarmasi tashkilotchi va uning 1994-yilda tug‘ilgan tanishiga qarshi bir nechta moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ular terroristik hujumga tayyorgarlik ko‘rish, terroristik guruh tuzish, terroristik faoliyat uchun tayyorgarlik ko‘rish va nafrat va adovatni qo‘zg‘ashda ayblanmoqda.