Maqola

899 18/04/2025

Migrantlar 2025-yil 30-aprelgacha Rossiya IIV organlariga mustaqil ravishda murojaat qilib, o‘z huquqiy maqomini tartibga solish imkoniyatiga ega. Bunday imkoniyat Rossiya prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi 1126-sonli farmoniga muvofiq butun mamlakat bo‘ylab barcha muhojirlarga berilgan. Qonuniylashish jarayonidan o‘tganlarga avval hujjatsiz yurganligi uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish, mamlakatdan chiqarib yuborish va mamlakatga kirishni taqiqlash kabi choralar ko‘rilmasligi va’da qilinmoqda. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, Vladivostokda qonuniy maqomga ega bo‘lishning muqobil variantlaridan biri Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash bo‘lib kelmoqda. Bu haqda «MK Владивосток» nashri xabar berdi.

«MK» ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi muhojirlar allaqachon shunday shartnomalar tuzishgan va harbiylikka yollangan. Bu ularga huquqiy maqom olishdan tashqari, harbiy xizmatchilar uchun ko‘zda tutilgan barcha imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi.

«Belgilangan tartib-qoidalardan o‘tgandan so‘ng, muhojirlar qonuniy asosda Rossiyada bo‘lish va ishlash imkonini beruvchi rasmiy hujjatlarni oladilar. 400 dan ortiq muhojir allaqachon Primorye ichki ishlar organlariga murojaat qilgan, ba’zilari Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan harbiy shartnoma tuzgan, bu esa qonuniylashishdan tashqari, rossiyalik harbiy xizmatchilarga taqdim etiladigan barcha imtiyozlardan foydalanishni ta’minlaydi,» – deb yozadi nashr.

Rasmiy jihatdan bu ixtiyoriy qaror, biroq ekspertlar va huquq himoyachilari migrantlar oʻz maqomlarini qonuniylashtirishning boshqa real usullariga ega boʻlmasligi mumkinligi, ayniqsa ishlashga ruxsat olish va yuridik yordam olish imkoniyatlari cheklanganishidan xavotir bildirishmoqda.

Shunday vaqtda muhojirlarning axborotsizligidan foydalanib, harbiy shartnoma tuzishga ko‘ndirish ularning huquqiy zaifligidan foydalanishdir, deydi huquq himoyachilari.

Ma’lumki, amnistiya vaqtida hujjat rasmiylashtirish jarayonini tashkil etish bilan Rossiya IIVning «ПВС» va “ММЦ” tashkilotlari shug‘ullanadi. Ushbu tashkilotlar mehnat faoliyati uchun patentlar berishga ham mas’ul. Ma’lum qilinishicha, Vladivostokda «ПВС»ning telegramdagi chat-boti orqali migrantlarga maslahat yordami ko‘rsatiladi. Biroq muhojirlarning aksariyati ma’lumot yetishmasligi va byurokratik qiyinchiliklar tufayli aniq yordam olishlari va amnistiyadan foydalanishlari murakkab bo‘lib qolmoqda.

Migrantlarga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzmasdan ham hujjat rasmiylashtirish imkoni xuddi shu farmonga muvofiq taqdim etilganini eslatib o‘tamiz. Chunki xorijiy davlatda harbiy xizmatga yollanish Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida jinoyat hisoblanadi va tegishli javibgarlikka olib keladi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya