Maqola

248 20/12/2024

Vnukovo xalqaro aeroporti ichki va xalqaro reyslarda elektron “posadka” talonlaridan foydalanish imkoniyatini joriy qildi, deb xabar berilgan aeroportning rasmiy saytida. Elektron “posadka” talonlaridan foydalanib, parvozga tayyorgarlik jarayonidagi rasmiy tekshiruvlarni tezlashtirish, ro‘yxatdan o‘tish uchun navbatlarni kamaytirish va samolyotga chiqish vaqtini qisqartirish mumkin.

Elektron “posadka” taloni oddiy qog‘oz talondan hech qanday farq qilmaydi, unda ham:
– chipta raqami;
– yo‘lovchi haqida ma’lumot;
– uchib ketish aeroporti;
– kelib qo‘nish aeroporti;
– reys raqami;
– uchib ketish va kelib qo‘nish vaqti hamda sanasi;
– tarif va qo‘shimcha xizmatlar haqida ma’lumotlar mavjud.

Elektron “posadka” taloni yo‘lovchiga reysga onlayn ro‘yxatdan o‘tganida beriladi. Ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga PDF formatidagi hujjat yuboriladi. Uni mobil qurilmada (smartfon, planshet va h.k.) saqlash zarur, deb xabar qiladi aeroport ma’muriyati.

Ma’lum qilinishicha, Vnukovo aeroportida elektron “posadka” talonlarini skaner qilish uchun maxsus uskunalar o‘rnatilgan. Ushbu uskunalardan foydalanish uchun smartfon yoki talon saqlangan boshqa mobil qurilma ekranini skanerga yaqinlashtirish kerak. Mobil qurilmada shtrix-kod ko‘rinib turishi lozim.

Elektron posadka taloni ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan joylar:
– parvoz oldi tekshiruvidan o‘tishda;
– pasport nazoratidan o‘tishda;
– havo kemasiga kirish-chiqishida;
– bortga kirishda styuardessalar talab qilgan taqdirda.

Agar yo‘lovchi aeroportda qandaydir sabablarga ko‘ra elektron “posadka” talonini ko‘rsata olmasa, talonni uni qog‘oz shaklida ro‘yxatdan o‘tish joyida yoki aeroport binolarida joylashgan maxsus qayta chop etish uskunalari orqali chiqarib olishi mumkin.

Shuni ta’kidlash joizki, qog‘oz shaklidagi “posadka” talonlari bekor qilinmagan. Aeroport rasmiy sayti ma’lumotiga ko‘ra, kimga elektron “posadka” talonlari qulayroq bo‘lsa, shu shakldan foydalanishi mumkin. Agar kimgadir qog‘ozda chiqarilgan oddiy talonlar qulay bo‘lsa, odatdagidek ro‘yxatdan o‘tib, oddiy talonni olishlari mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya