13 dekabr kuni Volgograd viloyati gubernatori Andrey Bocharov migrantlarga ishlash man etilgan sohalar ro‘yxatini belgilaydigan qarorni imzoladi. Bu hujjatga e’tiborni «7×7» nashri qaratdi.
Qarorga ko‘ra, migrantlarga sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida ishlash, shuningdek, avtobus va taksi haydash, savdo va ovchilik bilan shug‘ullanish hamda kuryerlik qilish taqiqlanadi.
Bir necha kun oldin Saxalin viloyati gubernatori Valeriy Limarenko migrantlarga 24 ta sohada ishlashni taqiqlagan edi. So‘nggi bir oyda shu kabi cheklovlar Saratov va Sverdlovsk viloyatlari, Primorye hamda Yakutiyada ham joriy qilindi. Umumiy hisobda, bunday cheklovlar Rossiyaning kamida 18 ta hududida amal qilmoqda.