
Voronej viloyatining Nijnedevitskiy tumanidagi Mixnevo va Novaya Olshanka qishloqlaridagi qurilish ob’yektlarida yirik reyd o‘tkazildi. Unga FSB, polisiya va Rosgvardiya xodimlari jalb qilingan. Natijada 29 nafar xorij fuqarosi qo‘lga olingan.
Ichki ishlar vazirligining Voronej viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ulardan besh nafari O‘zbekiston fuqarolari. Ular patentsiz ishlagani, shuningdek, Rossiyada qolish shartlarini buzganligi aniqlangan. Huquqbuzarlarning barchasiga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, qo‘lga olinganlarning ba’zilari avvalroq polisiya e’tiboriga tushgan.
Muhojirlar polisiya bo‘limiga saf tortilgan holda olib kelingan va bu video internetda tarqalib ketdi.
Bundan tashqari, mintaqa yaqinda Rossiya fuqaroligini olganlar orasida harbiy ro‘yxatga olish uchun tekshirishni davom ettirmoqda. Huquq-tartibot idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bunday tekshiruvlar chog‘ida ko‘plab harbiy xizmatdan bosh tortgan shaxslar aniqlangan.