227 21/12/2025

Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Rossiya Milliy gvardiyasi Voronej viloyatidagi qurilish maydonlarida keng ko’lamli reyd o’tkazdi.

Politsiya xodimlari Rossiya Milliy gvardiyasi ko’magida Voronej viloyatining Novousmanskiy tumanidagi qurilish va sanoat maydonlarida migrantlarga qarshi reyd o‘tkazdi. Viloyat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, reyd davomida taxminan 500 nafar chet el fuqarosi tekshirilgan.

Tintuvdan so’ng huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari 13 ta ma’muriy qoidabuzarlikni aniqladi. O’nta holat belgilangan mehnat qoidalarini buzish bilan bog’liq, uchta holat esa Rossiyaga kirish, chiqish va yashash qoidalarini buzishga aloqador.

Natijada, ikki nafar chet el fuqarosiga Rossiyadan ixtiyoriy ravishda chiqib ketish buyurildi, yana bir migrant esa majburan deportatsiya qilindi.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda migrantlar qo’llarini oldinda turgan odamning yelkasiga qo’ygan holda, xuddi asirlardek olib chiqilgani aks etgan.

Ichki ishlar vazirligi barcha harakatlar qonun doirasida amalga oshirilganini va reydlarning maqsadi migratsiya qonunchiligining buzilishini aniqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash ekanligini ta’kidlaydi.

2025-yilning dastlabki to’qqiz oyida (yanvar-sentyabr) Voronej viloyatidan 440 kishi, asosan Markaziy Osiyo, Kuba va Afrikadan (Marokash, Misr va Kongo) deportatsiya qilindi; bu 2024-yilning shu davriga (330) nisbatan 33% ga ko’p. 22-sentyabrga kelib, Ichki ishlar vazirligining bozorlar, qurilish maydonchalari va universitetlarga o’tkazgan reydlaridan so’ng bu raqam 663 taga yetdi.

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya