Maqola

291 20/07/2026

2026-yil 18-iyulga o‘tar kechasi Rossiyadagi Wildberries marketpleysining ikki yirik logistika markazi — Moskva viloyatidagi Elektrostal va Tambov viloyatidagi Kotovsk omborlari dronlar hujumiga uchradi. Hujum oqibatida yirik yong‘inlar kelib chiqdi, insonlar halok bo‘ldi, yuzlab tadbirkorlarning tovarlari yonib ketdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 8 nafar xodim ish joyida halok bo‘ldi. 80 nafardan ortiq xodim turli darajada jarohat va kuyish tan jarohatlarini oldi. Migratsiya agentligining tahririyatimizga ma’lum qilishicha, qurbonlar va jabrlanganlar orasida hozircha o‘zbekistonliklar yo‘q va bu masalada murojaatlar kelib tushmagan.

Shu munosabat bilan Migratsiya agentligi yong‘in oqibatida jabrlangan yoki jarohat olgan o‘zbekistonliklarni zudlik bilan Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi Vakolatxonasiga murojaat qilishlarini so‘radi.

📞 Call-markaz:
+7 499 230 00 32
+7 499 230 00 76
📞 Ishonch telefoni:
+7 925 045 47 44

Yong‘in omborlarning katta qismini qamrab oldi. Bu Wildberries tarixidagi eng yirik logistik halokatlardan biri sifatida baholanmoqda.

Qancha zarar yetdi?

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Elektrostal omborining taxminan 15 foizi zararlangan. Kotovsk omborida jo‘natishga tayyor turgan minglab buyurtmalar butunlay yonib ketgan. Infratuzilma va tovarlarga yetgan umumiy zarar 100 milliard rubldan ortiq deb baholanmoqda.

Bu mablag‘ga ombor binolari, uskunalar va sotuvchilarning tovarlari kiradi.

Wildberries omborlaridagi muhojirlar

Wildberries Rossiyadagi eng yirik ish beruvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning ombor va logistika markazlarida minglab mehnat muhojirlari ishlaydi. Ular orasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari ham ko‘p.

Muhojirlar asosan tovarlarni qabul qilish, saralash, qadoqlash, yuklash va tushirish, buyurtmalarni jo‘natish ishlarida mehnat qiladi.

Ayrim ommaviy axborot vositalari va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in paytida ba’zi omborlarda xodimlarni darhol chiqarishmagan.

Xodimlar aytishicha, avtomatik darvozalar ochilmagan, ayrim rahbarlar xodimlarga omborni tark etmaslikni buyurgan, ba’zi odamlar yuk eshiklarini kuch bilan ochib qochishga majbur bo‘lgan.

Mutaxassislar fikricha, ushbu fojia omborlarda ishlovchilarning, jumladan muhojirlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, evakuatsiya tartibi, mehnat xavfsizligi va ish beruvchining mas’uliyati kabi masalalarga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatdi. Tergov natijalari ushbu yo‘nalishlarda qo‘shimcha xulosalar chiqarishga asos bo‘lishi mumkin.

Wildberries darhol shartnomadagi bandlarni o‘zgartirdi

Hodisadan so‘ng Wildberries sotuvchilar bilan tuziladigan ommaviy shartnoma — ofertani yangiladi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, agar tovarlar harbiy harakatlar, terrorchilik harakatlari, dronlar hujumi, yoki boshqa fors-major holatlari sababli yo‘q qilinsa, kompaniya bunday zarar uchun moliyaviy javobgar emasligini belgiladi.

Bu kelgusida shunga o‘xshash hodisalarda kompaniyaning huquqiy mas’uliyatini cheklaydi.
Shunga qaramay, Wildberries bosh direktori Tatyana Kim kompaniya sotuvchilarni yolg‘iz qoldirmasligini, kompensatsiya qilinishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tovarlari yonib ketgan sotuvchilar uchun kompensatsiya miqdori hisoblanmoqda, halok bo‘lgan xodimlarning oilalariga moddiy yordam beriladi; jarohatlanganlarga ham qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

Hozircha kompensatsiyalar har bir holat bo‘yicha alohida hisoblanishi aytilmoqda.

Bu voqea nega muhim?

Mutaxassislar fikricha, mazkur hodisa Rossiya elektron tijorati tarixidagi eng yirik logistik inqirozlardan biri bo‘ldi.

Minglab sotuvchilar tovarlaridan ayrildi, yuzlab bizneslar faoliyati izdan chiqdi. Shu bilan birga, bu voqea marketpleyslar bilan ishlashda fors-major xavflari va shartnomalardagi huquqiy bandlarga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatdi.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya