
Rossiyaning bir nechta hududida Wildberries kompaniyasining yirik omborlari dronlar hujumi tufayli kuchli portlashlar va yongʻinlardan zarar koʻrdi. 24-iyul tunda va ertalab Simferopol, Tver va Sankt-Peterburgda portlashlar yuz berdi. Mahalliy hukumat yarim tundayoq koʻplab dronlar yaqinlashayotgani haqida ogohlantirishni boshlagan edi.
Simferopolga dronlar hujumi yarim tundan keyin boshlandi. Havo hujumidan mudofaa tizimi ishi tufayli Wildberries omborida kuchli yongʻin boshlandi. Kompaniya rahbariyati saralash markazining barcha xodimlarini zudlik bilan xavfsiz joyga evakuatsiya qildi.
Tverda hujumlar haqidagi xabarlar tungi soat ikkida kela boshladi. Portlashlar ketma-ket bir necha soat davom etdi, bu esa Wildberries kompaniyasining mahalliy omborida yongʻin kelib chiqishiga sabab boʻldi.
Sankt-Peterburgda portlashlar ertalabki soat uchda boshlanib, shahar uzra ulkan qora tutun bulutlari koʻtarildi. Ertalabki soat 6 atrofida ma’lumotlarni tahlil qilish boʻyicha mutaxassislar Wildberries ombor majmuasi va «MLP Utkina Zavod» logistika parki zarbalar ostida qolganini ma’lum qilishdi. Ushbu logistika parkida koʻplab yirik kompaniyalarning omborlari joylashgan boʻlib, ular orasida Ozon, «Petrovich», X5 Retail Group, IVC Group va Wildberries bor. Hodisa tufayli kompaniya Shushari va Utkina Zavoddagi logistika markazlari faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi.
Dronlar hujumi Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroporti faoliyatini ham izdan chiqardi. U yerda 50 ga yaqin aviaparvoz kechiktirildi, yana 15 ta samolyot esa boshqa shaharlardagi zaxira aerodromlariga yuborildi.
Zarar koʻrgan ob’ektlar biznes uchun juda muhimdir. Sankt-Peterburg yaqinidagi Shusharida joylashgan Wildberries ombori — bu ta’mirlashdan keyin maydoni 106 ming kvadrat metrdan oshadigan ulkan taqsimlash xabidir. Leningrad viloyatidagi «Utkina Zavod» logistika parki ham juda katta boʻlib, uning umumiy maydoni taxminan 210 ming kvadrat metrni tashkil etadi. U yerda turli ijarachilar ishlaydi, shuning uchun olov boshqa kompaniyalarga ham zarar yetkazgan boʻlishi mumkin.
Wildberries kompaniyasining omborlari bir haftadan beri dronlar hujumiga uchramoqda. Masalan, 22-kuni kompaniyaning Krasnodar va Stavropol oʻlkasining Nevinnomыssk shahridagi logistika omborlarida kuchli yongʻinlar sodir boʻldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu logistika markazlari Rossiya armiyasini dronlar uchun detallar, navigatorlar va harbiy anjomlar bilan ta’minlashga yordam berishini ma’lum qildi. Avvalroq Moskva viloyatidagi portlashlarda ham Wildberries logistika xablaridan biri zarar koʻrgan edi.