
Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Dmitriy Demeshin 2026-yilda ayrim iqtisodiy sohalarda chet el fuqarolarini ishga jalb qilishni taqiqlovchi qarorni imzoladi. Shu tariqa, hududda elektr, gaz va suv ta’minoti xizmatlari ko‘rsatadigan korxonalarda, transport sohasida hamda uy xo‘jaligida migrantlar mehnatiga cheklovlar saqlanib qoldi.
Qaror komissiya ishlari yakunlari asosida qabul qilingan.
«2025-yil tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bu cheklovlar o‘lka iqtisodi va mehnat bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Aksincha, patent asosida ishlayotgan migrantlar mehnati ko‘proq talab qilinadigan sohalarga, masalan, qurilishga yo‘naltirildi», deb yozadi manba.
Yangi yilda ham uy xo‘jaliklarida mehnat qilayotgan migrantlarga cheklovlar tatbiq etiladi. Shuningdek, xorijliklar jamoat transporti va taksi haydovchisi sifatida, shuningdek elektr, gaz va suv ta’minoti xizmatlari ko‘rsatadigan korxonalarda ishlashi mumkin bo‘lmaydi. Chunki bu kasblar odamlar bilan doimiy aloqada bo‘lishni talab qiladi va xavfsizlik bilan bog‘liq.
Ish beruvchilar 2026-yil 1-fevralgacha mehnat qilayotgan migrantlar sonini qonunchilikka moslashtirishlari shart, aks holda ma’muriy javobgarlik yuzaga keladi. Biroq bu taqiq hududda vaqtinchalik va doimiy yashovchi chet el fuqarolariga, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari fuqarolariga, yuqori malakali mutaxassislarga hamda viza orqali kelgan fuqarolarga taalluqli emas.
O‘lka huquq-tartibot organlari belgilangan taqiqlarga rioya etilishini nazorat qiladi. Reydlar paytida noqonuniy ishlayotgan migrantlar aniqlansa, ish beruvchi RF Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 18.17-moddasiga ko‘ra jazolanadi. Masalan, avgust oyida Kirov tuman sudi ikki o‘zbekistonlikni noqonuniy ravishda taksi haydovchisi sifatida ishlatgan tadbirkorga jami 1 850 000 rubl jarima tayinlagan.
Qonunbuzilish holatlarida quyidagi jarimalar belgilangan:
fuqarolar uchun – 2 mingdan 5 ming rublgacha;
mansabdor shaxslar uchun – 25 mingdan 50 ming rublgacha;
yuridik shaxslar uchun – 250 mingdan 800 ming rublgacha yoki faoliyatni 14 kundan 90 kungacha to‘xtatib qo‘yish.
Eslatib o‘tamiz, Xabarovsk o‘lkasida avtobus haydovchilari sifatida migrantlarni ishga jalb qilishni bekor qilish masalasi muhokama qilinmoqda. Chunki 2025-yil fevraldan bu sohada patent asosida ishlaydigan migrantlarga taqiq qo‘yilgan, ammo haydovchilar yetishmasligi sababli hozir chet elliklarga yo‘lovchi tashishga ruxsat berish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.