372 10/05/2026

Xorazm viloyati sudida Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzib, Ukrainadagi urush harakatlarida qatnashgan O‘zbekiston fuqarosiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Yangibozor tumanida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan R. Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilgani uchun javobgarlikka tortilgan.

2023-yil boshida ishlash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgan R. avvaliga metall konstruksiyalari ishlab chiqarish korxonasida chilangar bo‘lib ishlagan. Keyinchalik qurilish ishlarida yurgan vaqtida Rossiyada vaqtincha yashash qoidalarini buzgani uchun ushlangan. Shundan keyin unga Rossiya armiyasi bilan shartnoma asosida xizmat qilish taklif qilingan.

Hujjatlarga ko‘ra, muhojir 2023-yil 24-iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ikki yillik harbiy shartnoma imzolagan. Unga oyiga 200 ming rubl maosh va’da qilingan. Keyin esa Rossiya armiyasining harbiy guvohnomasi va shaxsiy raqam berilgan.

U Ukraina hududidagi Lugansk viloyatida joylashgan harbiy poligonda taxminan bir yarim oy tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu vaqt ichida avtomatdan otish, granata uloqtirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa harbiy mashg‘ulotlarda qatnashgan. Keyin unga zirhli kiyim, kaska, qurol va o‘q-dorilar berilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u “Ali” degan shartli nom bilan xizmat qilgan. Ayrim vaqtlarda okop qazish va yaradorlarni evakuatsiya qilish ishlarida qatnashgan. Keyinroq esa harbiy lagerda oshpaz bo‘lib ishlagan. 2025-yil may oyida esa Ukrainadagi Volchansk shahrida razvedka ishlariga jalb qilingan. Sud hujjatlarida aytilishicha, shu vaqtda u Ukraina harbiylari tomonidan asirga olingan. Keyin Rossiya va Ukraina o‘rtasida asir almashish jarayonida ozod qilingan.

2025-yil sentyabr oyida “Sankt-Peterburg – Urganch” aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng R.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Yangibozor tuman sudi uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Keyin Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, jazo 2 yil 9 oy 3 kungacha qisqartirilgan. Sud jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashni belgilagan.

Shu bilan birga, sud uni Jinoyat kodeksining 223-moddasi bo‘yicha aybsiz deb topgan va ishning bu qismi tugatilgan.

Himoyachi advokat apellyasiya shikoyati kiritib, sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, avval sudlanmagani va mahalladan ijobiy tavsifnoma berilganini aytgan holda unga ozodlikdan mahrum qilish emas, balki ozodlikni cheklash jazosi berishni so‘ragan edi.

Biroq Xorazm viloyati sudi apellyasiya shikoyatini qanoatlantirmadi. Sud hay’ati birinchi instansiya chiqargan hukmni qonuniy va asosli deb topdi. Sud qarorda jinoyatning ijtimoiy xavfliligi, chet davlat armiyasida yollanma asosida xizmat qilish holati va ish materiallaridagi dalillar yetarli ekanini ta’kidlagan.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya