
Amerika, Angliya, Janubiy Koreya va Yevropa davlatlarida ishga joylashni va’da qilib, yuzlab fuqarolarni aldagan «ADWORLD GROUP» MCHJ faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiboriga tushdi.
Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya asoschisi Dilmurod Yusupov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, «ADWORLD GROUP» MCHJning faoliyati mazkur jinoyat ishi doirasida o‘rganilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kompaniya lisenziyaga ega bo‘lmagan holda xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif qilib kelgan. Kun.uz tomonidan avval ham olib borilgan surishtiruvlarda firma mashhur blogerlar yordamida reklama qilinib, mijozlardan kishi boshiga 6 million so‘mdan 26 million so‘mgacha to‘lov talab qilgani, ammo va’da qilingan xizmatlar ko‘rsatilmagani haqida xabar qilingandi. Natijada ko‘plab fuqarolar o‘z mablag‘larini qaytarib ololmagani sababli norozilik bildirgan.
Toshkent shahar IIBB jamoatchilikka murojaat qilib, ADWorld faoliyatidan jabr ko‘rgan shaxslar Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limiga murojaat qilishi zarurligini eslatdi.
Eslatib o‘tish joiz, avvalroq Migratsiya agentligi kompaniyaning lisenziyasiz ish faoliyati bilan shug‘ullanganini aniqlab, unga 112 million 500 ming so‘m jarima tayinlagandi. Biroq ushbu jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani bois, mablag‘ni sud orqali undirish jarayoni boshlangan.
Kun.uz bilan suhbatda Dilmurod Yusupov o‘zini firma ta’sischisi va rahbari sifatida tanishtirib, mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritish uchun lisenziya zarurligini bilmaganini aytgan.
ADWorld ishi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilina boshlagach, reklama orqali firmaga ishongan blogerlar ham o‘z auditoriyasi aldanib qolganidan afsusda ekanini bildirib, ayrimlari zararlarni qoplashga harakat qilgan.
Joriy yilda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga bunday sxemalar qurboniga aylangan fuqarolardan o‘nlab murojaatlar kelib tushdi. Aksariyat hollarda fuqarolar chet elda ishlash yoki o‘qish va’dalari uchun pul o‘tkazgan, biroq xizmatlar ko‘rsatilmagan va pul qaytarilmagan.
Mana bir nechta misollar:
Fuqaro A.B. “KONSALTING N1 B2B” MChJga (Toshkent) Latviyada ishga joylashtirgani uchun 16 mln. so‘mdan ortiq pul to‘lagan.
Farg‘ona shahrida yashovchi Sh.M. 2000 AQSH dollarini VIVAT VIZ (Qo‘qon) ga Latviyaga viza olish va ishga joylashish uchun o‘tkazgan.
Fuqaro O.X. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidan “BLACK MOUNTAIN PRO” MChJga (Yakkasaroy tumani) Germaniyaga ishlash uchun uchun 36 mln so‘m bergan. Keyinchalik ma’lum bo’lishicha, kompaniya aslida faoliyat ko‘rsatmagan.
“Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, xorijda ishga joylashtirish xizmatlari faqat litsenziyaga ega bo‘lgan agentliklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Biroq, ko’pgina firmalar bu qoidaga amal qilmaydi.