Bugun ish, o‘qish yo sayohat maqsadida xorijga chiqish yangilik emas. O‘zbekiston hududida yursangiz, siz fuqaro “Falonchi Pistonchiyev”siz. Vatan chegarasidan chiqishingiz bilan esa “o‘zbekistonlik “Falonchi Pistonchiyev”ga aylanasiz. Ya’ni nomingiz butun bir mamlakat bilan tamsil qilanadi, maqomingiz o‘zgaradi. Har bitta harakatingiz aynan shu maqom prizmasi bilan baholanadi. Soddaroq aytganda, xorijda siz butun mamlakat, millat nomini ko‘tarib yurasiz. Yaxshi amalingizga ham, yomon amalingizga ham shu nisbat, ya’ni o‘zbekistonlik maqomi tirkaladi.
Afsuski, hamma ham buni anglayvermaydi, balki o‘ylab ko‘rmas. Oqibatda xorijda vatandoshlarimiz bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar butun o‘zbekistonliklar uchun ma’lum salbiy xulosalarga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda turli xorijiy mamlakat aeroportlarida O‘zbekiston pasportini ko‘rishi bilan ko‘zoynak qidirib qolishlari, ya’ni tekshiruvga zo‘r berishlari ana shunday salbiy xulosalar oqibati. Odamlar ustiga yuk mashinasi haydaganam, generalga suiqasd qilganam, terrorchilarga aloqador bo‘lganam o‘zbekistonlik bo‘lib chiqaverganidan, nomimiz “xavfli fuqarolar” degan ro‘yxatga kirib qolgan bo‘lsa, ajab emas. Taassufki, o‘zbekistonliklarning xorijda “xol qo‘yish”lari to‘xtamayapti.
13 yanvar kuni Krasnoyarsk aeroportida o‘zbekistonlik pichoq bilan yo‘lovchilarga hujum qildi.
“Baza” ma’lumotiga ko‘ra, aeroportda jinoyat sodir etgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi, 40 yoshli Umid Qayumov. Qayumov aeroport hududiga qurolsiz kirgan va ovqatlanish muassasasining bar to‘sig‘idan oshib o‘tib, pichoq va konyak shishasini olgan. Shundan so‘ng, u 39 yoshli Mansurbekga hujum qilgan.
Tergov davomida Qayumov hujumga rashk sabab bo‘lganini aytgan. Ammo jabrlanuvchi Qayumov bilan tanish emasligini ta’kidlagan.
So‘roq jarayoni aks etgan videoda rus tilida bir amallab gapirishga harakat qilyotgan shaxs mast holda bu ishni qilganini aytadi. O‘zbekcha so‘zlar aralashtirib gapirayotgan shaxs Krasnoyarskka ikki kun oldin uyiga uchish uchun kelganini ma’lum qilgan. Miyada kognitiv dissonans keltirib chiqaryotgan holat shundaki, uyiga qaytyotgan odam qanday qilib aeroportga ichib kirish mumkin yoki u yerda ichish mumkin? Bu savolning javobini o‘sha odamdan olish mumkin.
Pichoqlangan jabrlanuvchi hozir reanimatsiyada, o‘zbekistonlik fuqaro 12-martgacha hibsga olingani haqida sudda ma’lum qilindi.
Krasnogorskdagi traktor mingan o‘zbek politsiyachilar bilan poyga uyushtirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Moskva viloyatining Krasnogorsk shahrida Rossiya IIV Davlat avtoinspeksiyasi xodimlari Lipovaya Roщa ko‘chasida yo‘l harakatiga xalaqit bergan traktorning haydovchisiga hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtash ishorasini berishadi.
Biroq haydovchi buyruqqa bo‘ysunmay, trotuar o‘tib, uylar orasidagi hududda tezligini oshirgan holda harakatlanishda davom etadi, bu bilan atrofdagilar uchun xavf tug‘dirgan. Ko‘p o‘tmay, erkak transport vositasini tashlab, qochib ketadi.
Operativ-qidiruv tadbirlari natijasida politsiya xodimlari qoidabuzar shaxsni aniqlashdi va uni hududiy bo‘limga olib borishdi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, u ham so‘roq paytida o‘zbek tilida gapirganini eshitish mumkin.
O‘lganing ustiga tepgandek, tekshiruv jarayonida u Rossiya hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgani aniqlangan. Demak, unga nisbatan Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortish chorasi ko‘riladi.
Qo‘lga olingan shaxsning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy boshqaruv kompaniyasining traktor haydovchisi bo‘lgan tanishi uni o‘z o‘rnini egallab turishini so‘ragan va maxsus texnika kalitlarini topshirgan.
Biroq migrantda transport vositasini boshqarish uchun yetarli tajriba bo‘lmagan. Politsiyachilarni ko‘rib, hujjatlari joyida bo‘lmagani uchun qo‘rqqanidan qochganini aytgan.
Qoidabuzarga nisbatan Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 12.25-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma tuzildi.
Bundan tashqari, politsiya xodimlari uning qo‘lidagi soxtalik alomatlariga ega bo‘lgan haydovchilik guvohnomasini musodara qilishgan.
“Rossiya Federatsiyasining Jinoyat kodeksining 327-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.
Turkiyadan kelgan navbatdagi mudhish xabar qahramonlari ham o‘zbekistonliklar.
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining xabariga ko‘ra, 2025-yilning 14-yanvar kuni Istanbul shahrining Aksaray tumanida qo‘lbola spirtli ichimlik iste’moli oqibatida zaharlanib 6 nafar o‘zbekistonlik vafot etgan.
“Vafot etgan fuqarolarimiz asosan 35–40 yoshdagi erkaklar bo‘lib, ularning barchasi voyaga yetmagan farzandlarni yetim qoldirdi.
Shu munosabat bilan, Istanbul shahridagi Bosh konsulxona barcha fuqarolarni spirtli ichimliklardan tiyilishga va ehtiyotkorlikka chaqiradi.
Salomatlikka tahdid soluvchi har qanday vaziyatda zudlik bilan yaqin shifoxonaga murojaat qilishingiz va Bosh konsulxona bilan bog‘lanishingiz tavsiya etiladi”, deyiladi xabarda.
Afsuski, yuqorida aytilgan barcha holatlar o‘zbekistonliklar bilan sodir bo‘lgan. Yuqorida aytilganidek, xorijda biz bilan sodir bo‘ladigan har qanday holat yurt nomi bilan bog‘lanadi. Demakki, chetga yo‘l olayotgan har qanday insonga bu haqda aytish, eslatish kerak. Balki bu mas’uliyat sal bo‘lsa-da, turli yomon ishlardan tiyar. Har holda bu ham bir umid…